Bugun 15 sentyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Toshkentda talonchilik qilgan yigit ozodlikdan mahrum qilindi

A A A
Toshkentda talonchilik qilgan yigit ozodlikdan mahrum qilindi

23 yoshli yigit muqaddam sudlangan bo‘lishiga qaramay, o‘ziga tegishli xulosalar chiqarmagan ko‘rinadi. Yo‘qsa, yana shu boshi berk ko‘chaga qadam qo‘ymagan bo‘lardi. Gap shundaki, 23 yoshli sudlanuvchi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi uylarning biri oldida notanish fuqaroga “telefoningizdan qo‘ng‘iroq qilib olsam maylimi?” deya telefonini oladi. So‘ng fuqaro chalg‘igach, jismoniy nuqson tufayli uning ortidan quvib ushlay olmasligidan foydalanib, bahosi 1.850.000 so‘mlik “Samsung A10s” rusumli telefon apparatini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi...

— Bir uyning oldiga kelgan vaqtimda orqamga qaradim. Notanish bo‘lgan bir shaxs yurib kelayotganini ko‘rdim. Yonimda telefonim yo‘qligi uchun o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilish maqsadida o‘sha fuqarodan telefonini so‘radim. Rozi bo‘lib menga telefonini berdi. Uning oldida qo‘ng‘iroq qilish uchun telefon raqam terib, “hozir kelaman” degancha yugurib ketib qoldim. U yerda odam ko‘p bo‘lgani uchun ularning orasiga kirib tezlikda ketib qoldim. Telefondagi SIM-kartani olib tashladim va cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Ertasiga telefon apparatini dasturlash (proshivka) qildirib, tanishimga garov evaziga qo‘yib, nomimga olingan qarzlarni qoplab turish uchun berdim. Tanishimdan 800.000 so‘m miqdorda qarzim bor edi. Telefon apparatini ham shu narxga baholab, “o‘zimning telefonim”, deb berganman. Biroq otasi telefon olib qochilgani to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lganini bilib, garovdagi telefonni tanishimning qo‘liga 100 AQSh dollari berib, undan qaytarib oldim. So‘ng telefonni olib IIB xodimlariga olib borib berdim. Holat yuzasidan batafsil tushuntirish olishdi. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Bu jinoyatni qarzlarim ko‘payib ketgani, pul kerak bo‘lgani uchun qildim.

Jabrlanuvchi esa sudda quyidagilarni gapirib berdi...

— Ko‘chaga aylangani chiqqandim. Telefonda tanishim bilan gaplashib ketayotganimda notanish shaxs oldimga kelib, “qo‘ng‘iroq qilib olay”, dedi. Yaxshilik qilish maqsadida telefonimni berib turdim. Blokka solingan parolni ochib berdim. Raqamni terishni boshladi, bir muddat ko‘zimni uzib boshqa tomonga qaraganimdan foydalandi. U tomonga qaraganimda telefonni olib qochib ketayotgandi. Uni yugurib quvishga jismoniy qobiliyatim yo‘qligi sababli uning ortidan yugira olmadim. Uzoqlashib, ko‘zdan yo‘qoldi. IIB xodimlariga murojaat qildim. Raqamimga qo‘ng‘iroq qilganimda telefon o‘chirilgan edi. IIBga ariza bilan murojaat qildim.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi Baxodir Kayumov:

— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topildi. JKning 60, 61-moddalari tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2021 yildagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 4 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Kiritildi: 17:58 19.01.2022. O'qildi: 2146 marta. Fikrlar soni: 2 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!