10 aprel kuni poytaxtimizda "Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: barqaror rivojlanish yo‘lida ishonch, muloqot va ko‘p tomonlama hamkorli" mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda 10 dan ortiq mamlakatlardan 100 nafardan ziyod ishtirokchilar, jumladan Markaziy Osiyodagi ikkita eng yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo suv havzalarini birlashtirib turgan davlatlar vakillari ishtirok etishdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bo‘lgan ko‘p tomnolama muloqotda ilk marotaba Afg‘oniston delegasiyasi ham qatnashdi.
Afg‘oniston Muvaqqat hukumatining Energetika va suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslarini tartibga solishni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Nesar Mo‘hammad No‘mon anjuman ishtirokchilariga murojaat qilib, ushbu forum o‘tkazilishi bilan barchani qutladi.
– Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi bo‘yicha bunday muhim tadbirda ishtirok etish Afg‘oniston Islom Amirliklari delegasiyasi uchun katta sharaf. Bu o‘rtamizdagi ishonchni yanada mustahkamlab, munosabatlarimizni yaxshilashga hamda suv resurslarini boshqarish va hamkorlik masalalari bo‘yicha mazmunli va teng huquqli muloqot uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi shubhasiz, – dedi u.
Afg‘oniston vakilining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasida ishonch va hamfikrlikka asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik faol rivojlanmoqda.
"Mamlakatlarimizning umumiy jihatlari ko‘p va bu o‘zaro hamkorlik uchun mustahamkam zamin yaratishi mumkin", – dedi Nesar Muhammad No‘mon.
"Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar iqtisodiyot, siyosat, savdo, tranzit, suv ta’minoti va qishloq xo‘jaligi kabi turli sohalarda tobora yaxshilanmoqda", – dedi afg‘onistonlik mutaxassis.
Shu nuqtai nazardan, Afg‘oniston Muvaqqat hukumatining Energetika va suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslarini tartibga solishni boshqarish bo‘limi boshlig‘i suv sohasidagi o‘zaro hamkorlik haqida gapirar ekan, mamlakatning bu yo‘nalishda amaliy hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda uzoq davom etgan siyosiy beqarorlikdan so‘ng tinchlik va xavfsizlik tiklangan.
"Suv – kelishmovchiliklar uchun emas, balki hamkorlik manbasi bo‘lishi kerak", – dedi Nesar Muhammad No‘mon. – Biz shu fikrni ma’qullaymiz. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi va mintaqadagi boshqa qo‘shni mamlakatlar bilan suv masalalari bo‘yicha qator muzokaralar o‘tkazildi".
Umuman olganda, mutaxassis Markaziy Osiyo bilan suv resurslarini boshqarish sohasida hamkorlik qilishning muhimligini alohida ta’kidladi: "Markaziy Osiyo mamlakatlari suv resurslarini samarali boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha katta tajribaga egadirlar va bu mazkur yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatish ahamiyatini oshiradi".
Bundan tashqari, Nesar Muhammad No‘mon, Afg‘oniston Markaziy Osiyo suv hamkorligining bir qismiga aylanishi kerakligini ishonch bilan bildirdi. "Faqat birgalikdagina umumiy mintaqaviy suv-iqlim muammolarini hal etishimiz mumkin", – dedi u.