28 yoshida o‘g‘rilik qilib jinoyat “ko‘chasi”ga kirgan shaxs unga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan tegishli xulosa chiqarmadi. Hatto “Amnistiya akti”ga asosan o‘talmagan jazodan ozod qilingani ham fikr qilishga undamadi. Aksincha, 32 yoshida yana o‘sha “ko‘cha”dan yurib, takror o‘g‘rilikka qo‘l urdi. “Bu gal aql kirgandir?” dersiz. Afsuski, bu savolning javobi kishini o‘yga toldiradi...
33 yoshida o‘g‘rilikka suiqasd qilib sudlanadi. “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek 2018 yilga kelib, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish jinoyatini sodir qiladi. Bu gal jazoni to‘liq o‘taydi. Umrining ayni gullagan davrida kelajak uchun poydevor qurishni emas, balki panjara ortidagi “hayot”ni tanladi. G‘amxo‘r umr yo‘ldosh, mehribon ota emas, balki o‘ta xavfli residivist degan nomni afzal ko‘rdi. “Bukrini go‘r tuzatadi” deganlaricha bor ekan. Bu gal qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir etdi. 53 yoshli sudlanuvchi Yashnobod tumanida joylashgan restoran oldida ish boshqaruvchi bilan janjallashadi. O‘ng qo‘lida bo‘lgan pichoqni ish boshqaruvchining qorin sohasiga bir marotaba tiqib, unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazadi.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasida, jabrlanuvchining tanasida ko‘krak qafasi sohasi qorin bo‘shlig‘iga teshib kirgan taloq va yo‘g‘on ichak tutqichini qisman jarohatlangan sanchilgan-kesilgan (tikilgan) yarasi mavjudligi aniqlangan. Ushbu jarohat o‘tkir sanchuvchi-kesuvchi jism ta’sirida yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi, ular yetkazilish vaqtida hayot uchun xavfli bo‘lgan, og‘irlik darajasiga ko‘ra og‘ir turdagi tan jarohatlari turkumiga kirishi aniqlangan.
— Restoranda ish boshqaruvchi bilan tuzilgan og‘zaki kelishuvga asosan oshpaz bo‘lib ishlab kelganman. Mazkur restorandan ishdan bo‘shatildim, so‘ng ish boshqaruvchidan ish haqqini olish maqsadida restoran joylashgan manzilga bordim. Meni qorovul kutib oldi. Shu vaqtda ish boshqaruvchi o‘z avtomashinasida restoran binosi oldiga keldi. Restoran hovlisidagi tapchan ustida turgan sellofan paketga solingan pichoqni olib, suhbat davomida janjal yuzaga kelsa o‘zimni himoya qilishni reja qildim. Chunki ish boshqaruvchining gavdasi menga qaraganda kattaroq edi. Avtomashina yoniga borib, ish boshqaruvchidan ish haqqini berishini talab qilganimda meni haqorat qildi. Hech qanday pul bermasligini aytdi. Avtomashinasidan tushib, qo‘li bilan bo‘yin qismimdan ushlab oldi va o‘ng qo‘li bilan labimning chap yuqori qismiga bir marotaba urdi. Zarba natijasida labim qonab ketdi. Shunda ish boshqaruvchining harakatlariga javob tariqasida o‘ng qo‘limdagi pichoqni uning chap biqin qismiga bir marotaba tiqib oldim. Keyin tarqalib ketdik, o‘sha kuni spirtli ichimlik iste’mol qilmagandim. Chunki ro‘za oyi bo‘lgan, rafiqamni davolatishim uchun maoshim juda ham zarar bo‘lganligi sababli ish boshqaruvchining yoniga pullarimni so‘rash maqsadida borgandim. Biroq unga qanaqadir tan jarohati yetkazish maqsadim bo‘lmagan, - dedi ish boshqaruvchini birinchi bo‘lib tan jarohati yetkazishda ayblagan hamda o‘zini himoya qilish maqsadida pichoq urganini aytgan sudlanuvchi.
— Restoranni ijara shartnomasi asosida boshqarib kelaman. Sudlanuvchi ish so‘rab keldi va oshpaz qilib ishga qabul qildim. Biroq u ish vaqtida spirtli ichimlik iste’mol qilgani uchun ishdan bo‘shatdim. Voqea sodir bo‘lgan kuni mast holatda restoran binosiga keldi. Ish haqqi berishimni talab qildi, shunda ish haqidan qarzim yo‘qligini va mast holatida u bilan gaplashmasligimni aytdim. Lekin u avtomashinadan tushishimni va gaplashib olishni talab qildi. Talabiga asosan avtomashinadan tushgan vaqtimda yana pulini berishimni so‘rab, turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Menga yaqinlasha boshlaganida o‘zimdan uzoqlashtirish maqsadida qo‘lim bilan yelkasidan ushladim. U o‘ng qo‘lida bo‘lgan va ustki qismiga paket o‘ralgan temir jismni qorin qismimning chap tomoniga bir marotaba tiqib oldi. Natijada tanamdan qon chiqa boshladi, to‘xtatish maqsadida restoran binosiga kira boshladim. Lekin u shunda ham pulini berishimni so‘rashni davom ettirdi. Unga pul bermasligimni aytib, avtomashinamga o‘tirib kasalxonaga ketdim. Sudlanuvchi esa restoran binosida qoldi, - deydi ikki qorovul sudlanuvchini IIB binosiga olib ketganini va ish haqqi bo‘yicha qarzi bo‘lmaganini bildirgan jabrlanuvchi.
Sudning hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismining «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo maxsus tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilandi.
Anvar Ikromov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Yashnobod tuman sudi sudyasi