U ushbu davlat raqamini Rossiyadagi firmalarning birida yasattirgan va UZB nomerdan foydalanish to‘g‘risidagi sohta hujjatni o‘zi yasagan. Bu haqida UzNews nashri xabar qilmoqda.
Toshkent shahrida tug‘ilgan shaxs o‘zining qora rangli Gentra avtomashinasiga 01 336 UZB qalbaki davlat raqamini o‘rnatib, foydalanib kelgani aniqlandi.
Fuqaro ushbu sohta raqamlarni Rossiyadagi firmalarning biridan buyurtma asosida sotib olgan. Bundan tashqari fuqaro javobgarlikdan qochish maqsadida YPX inspektorlariga tegishli davlat idorasi tomonidan tasdiqlangan UZB davlat raqamidan foydalanish to‘g‘risidagi sohta hujjatni taqdim etgan.
Tekshiruv jarayonida aniqlanishicha ushbu hujjatni fuqaro o‘zi sohtalashtirib, rangli printerda chop etgan.
"Bu nomerni yasatishimdan maqsad shu nomerga bo‘lgan xavas. Hech qanday jinoiy ishlar bilan bog‘liq emas. Arzimagan xavas orqasidan jazosini tortyapman. Qilgan ishimdan pushaymonman", - dedi fuqaro.
Chilonzor tumani IIO FMB xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari davomida, fuqaro yana bir nechta qalbaki raqamlarni yashirib qo‘yganligi aniqlandi.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida bo‘lib o‘tgan majlisda ayblanuvchi shaxsga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, sudlanuvchi JKning 228-modda 1-qismi va 228-modda 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.