Bugun 18 iyul, 2025 yil, juma

КИР

Toshkentda pirotexnika vositalarini sotishga urinish qimmatga tushdi

A A A
Toshkentda pirotexnika vositalarini sotishga urinish qimmatga tushdi

Yangi yil bayrami tobora yaqinlashgani sari uning shukuhi ortib boradi. Biroq mana shu bayramona kayfiyatga raxna soladigan holat ham borki, dilni xira qiladi. Bayram bahona cho‘ntagini qappaytirishni ko‘zlaganlar pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish payiga tushadi. Vaholanki, pirotexnika buyumlari ortidan sog‘ligiga jiddiy, hatto bir umrlik “tamg‘a” bo‘lib qoladigan holatlar qayd etilgani haqida ko‘p va xo‘p aytiladi. Eng qizig‘i, shu “ish” bilan shug‘ullanuvchilarning ham farzandi bor. Shu jumladan, “qahramonlar”imiz 27 va 32 yoshli sudlanuvchilarning ham bir nafar voyaga yetmagan bolasi bor. Ular hamda jinoyat ishining ularga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan shaxslar oldindan til biriktirishadi. Bir guruh bo‘lgan holda juda ko‘p miqdordagi pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish maqsadida tashib va saqlab kelishgan...

Dekabr oyi... Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi hamda DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida tezkor tadbir o‘tkazildi. Jarayonda 2 nafar sudlanuvchi va jinoyat ishining unga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan shaxslar tomonidan qayta sotish uchun olib kelingan, Yashnobod tumanidagi uyda yuklashga tayyor holatda saqlanib kelinayotgan, tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan jami 8 dona karton qutilardagi 218 dona “Zolotoy drakon”, 230 dona “Noviy vek”, 2 736 dona “Solovey razboynik” va 4 dona “9D” nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib olib qo‘yilgan.

Bundan tashqari, tadbir davomida, 32 yoshli sudlanuvchi boshqaruvidagi va u tomonidan Mirobod tumanidagi uy manzilida joylashgan avtoturargohga olib borib qo‘yilgan “Damas” rusumli avtomashinaning salon qismi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechiriladi. Unda 144 000 dona “Treniya”, 712 dona “Zolotoy pesok”, 72 dona “Tanes na ldu”, 19 dona “Korolevskiy salyut na 64 zalpov”, 4 dona “Korolevskiy salyut na 100 zalpov”, 4 176 dona “Solovey razboynik”, 48 dona “9D” nomli pirotexnika vositalari mavjudligi aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.

IIV EKMning ekspertiza xulosalariga ko‘ra, olingan zaryadlar tarkibida portlovchi moddalar yo‘qligi hamda qurol-yaroq, o‘q dori, portlatish qurilmalari turkumiga kirmasligi, ishlatish uchun yaroqliligi, Xitoyda sanoat usulida ishlab chiqarilganligi va pirotexnika vositalari xavflilik darajasi bo‘yicha IV, III va II sinfidagi pirotexnika vositalari turkumiga kirishi aniqlangan.

Baholash hisobotiga ko‘ra, olib qo‘yilgan pirotexnika vositalarining bozor narxi 376 290 000 so‘mni tashkil qiladi.

— Menga tanishim qo‘ng‘iroq qilib, sotiladigan archa o‘yinchoqlari borligini va ularni bir joyga olib borish kerakligini aytib chaqirdi. Shunda boshqaruvimdagi “Damas” rusumli avtomashinada tanishim aytgan Yashnobod tumanidagi uyga bordim. Darvozani tanishim ochdi va hovlida turgan 25 ta qog‘oz qutilarda bo‘lgan yuklarni meni avtomashinamga ortishdi. So‘ng tanishim menga “avtomashinangni biror avtoturargohga qo‘yib tur, keyinchalik yuklarni qayerga olib borish kerakligini aytaman”, dedi. Avtomashinamni boshqarib, o‘zim biladigan Mirobod tumanidagi uy manzilida joylashgan avtoturargohga olib borib qo‘ydim. O‘zim piyoda ketdim. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, menga o‘zini bojxona xodimi sifatida tanishtirgan shaxs qo‘ng‘iroq qildi. Boshqaruvimdagi avtomashinada pirotexnika vositalari aniqlangani va avtomashina evakuator yordamida Bojxona boshqarmasi binosiga keltirilganini aytdi. Meni boshqarmaga chaqirishdi, borib holat yuzasidan batafsil tushuntirish berdim. Haqiqatda avtomashinamga archa o‘yinchoqlari emas, balki pirotexnika vositalari yuklanganini bilmaganman. Avtomashinalarga “chexol”lar sotish bilan shug‘ullanganim sababli, Qirg‘izistondan ushbu turdagi ashyolarni buyurtma qilganman va ular uchun pul o‘tkazganman. 27 yoshli sudlanuvchi bilan ilgaridan tanish bo‘lmaganman. Voqea sodir bo‘lgan kuni 150 000 so‘m xizmat haqi evaziga yuklarni olib borib berishga kelishganman, - deydi sudda aybiga iqrorlik bildirmagan 32 yoshli sudlanuvchi.

27 yoshli sudlanuvchi esa sudda aybiga qisman iqror bo‘ldi. — Menga o‘zini “B.” sifatida tanishtirgan shaxs qo‘ng‘iroq qilib, “pirotexnika vositalari sotib olaman, Toshkentga yetkazib bersangiz pullarini beraman”, dedi. Shundan so‘ng 33 qog‘oz qutiga joylangan pirotexnika vositalarini sotib olib, ularni yuk avtomashinasiga ortib, Toshkentga yubordim. O‘zim esa qarindoshimning boshqaruvidagi avtomashinada Toshkentga keldim. Yetib kelgach, “Begzod”ga qo‘ng‘iroq qilganimda, yuklarni qayerga olib borishni tushuntirdi. Aytilgan manzilga yuk avtomashinasini kuzatib olib bordim va avtomashinani xonadon hovlisiga kiritib, yuklarni “B.”, “SH.” tushirib olishdi. So‘ng yuk avtomashinasini yo‘lkira haqini berib jo‘natib yubordim. Shu payt hovliga keyinchalik shaxsini bilganim 32 yoshli sudlanuvchi o‘zini boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashinada kirib keldi. “B.” va “SH.” uni avtomashinasiga 25 qutidagi pirotexnika vositalarini ortishdi. 32 yoshli sudlanuvchi hovlidan chiqib ketdi. “B.” ham pullarni olib kelishini bildirib ketdi. Uni kutib o‘tirganimda, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari kelishdi. Hovlida qolgan pirotexnika vositalarini aniqlab, bizni bojxona boshqarmasi binosiga olib ketishdi. Boshqarmada 32 yoshli sudlanuvchi boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina ham yuklari bilan keltirilganini ko‘rdim. Pirotexnika vositalarini sotib olish yuzasidan 32 yoshli sudlanuvchi bilan gaplashmaganman, - deydi pirotexnika vositalarini Qirg‘iziston Respublikasi hududidan sotib olganini, sodir qilgan harakatlari oqibatlarini tushunib yetganini bildirgan sudlanuvchi.

Biroq sudlanuvchilar keltirgan vajlar ularni javobgarlikdan ozod etmaydi. Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 250-1-moddasi (pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va har biriga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng, ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan jami 152 220 dona pirotexnika vositalari tegishgli tartibda yo‘q qilinishi belgilandi.

Shoxdiyor Shermatov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Mirobod tuman sudi sudyasi

Kiritildi: 11:23 30.12.2022. O'qildi: 1474 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!