Bugun 8 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Toshkentda ota o‘z farzandiga 752 million so‘mdan ortiq aliment qarzi to‘lab berdi

Toshkentda ota o‘z farzandiga 752 million so‘mdan ortiq aliment qarzi to‘lab berdi

Majburiy ijro byurosining Chilonzor tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatiga asosan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2013 yil 29 oktyabrdagi sud hujjati bilan qarzdor A.F.dan undiruvchi Z.F. foydasiga voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun uning daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

Dastlab ijro hujjati talablari asosida aliment mablag‘lari undirib kelingan. Biroq keyinchalik qarzdor ota tomonidan sud hujjatida belgilangan aliment majburiyatlari lozim darajada bajarilmayotgani aniqlangan.

Shundan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan aliment to‘lovlarining haqiqiy holatini aniqlash, qarzdorning daromad manbalari va moliyaviy imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida tegishli idoralarga so‘rovlar yuborildi.

Xususan, qarzdorning daromadlari haqida ma’lumot olish uchun soliq organiga so‘rov yo‘llanib, olingan ma’lumotlar asosida aliment majburiyatlari bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirildi.

Natijada qarzdor A.F.ning aliment bo‘yicha jami qarzdorligi 752 044 654,49 so‘mni tashkil etgani aniqlandi.

Qarzdorga farzand ta’minoti uchun aliment to‘lash uning nafaqat qonuniy, balki ota-onalik majburiyati ekani tushuntirilib, qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan bir necha bor ogohlantirildi.

Biroq berilgan ogohlantirishlarga qaramasdan, qarzdor aliment majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarish choralarini ko‘rmadi.

Shundan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda qarzdorga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47⁴-moddasi asosida zarur hujjatlar rasmiylashtirildi.

Sudda ish ko‘rib chiqilayotgan bir paytda esa qarzdor uchun vaziyatning jiddiyligi yanada oydinlashdi. Ya’ni aliment majburiyatini bajarmaslikning qonuniy oqibatlarini anglagan A.F. farzandi ta’minoti uchun hisoblangan 752 million so‘mdan ortiq aliment qarzdorligini to‘liq to‘lab berdi.

Natijada voyaga yetmagan farzandning ta’minoti uchun uzoq vaqt davomida to‘plangan qarzdorlik to‘liq bartaraf etildi.

Shu munosabat bilan qarzdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47⁴-moddasi asosida yuritilgan ish mazkur Kodeksning 271-moddasiga asosan tugatildi.

Ushbu holat yana bir bor aliment majburiyatlarini o‘z vaqtida va vijdonan bajarish zarurligini ko‘rsatadi. Chunki aliment — oddiy qarz emas, balki farzandning kundalik ehtiyojlari, ta’lim-tarbiyasi va munosib hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘dir.

Farzand ta’minotidan bo‘yin tovlash esa uning huquq va manfaatlariga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois har bir ota-ona farzandi oldidagi qonuniy majburiyatini o‘z vaqtida bajarishi, aliment to‘lovlarini kechiktirmasligi va qarzdorlikning ortib borishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Kiritildi: 10:15 07.09.2026. O'qildi: 549 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!