Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs avtoturargohda turgan avtomashinani ustiga sakrab, uni haydab ketganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Joriy yilning 9 avgust kuni soat taxminan 08:00 larda Bektemir tumanidagi savdo majmualarining birida, 1991 yilda tug‘ilgan B.K. mast holatda, tanishi 1996 yilda tug‘ilgan N.B. ga tegishli “Vaz-2108” rusumli avtomashinani ustiga avtoturargoh devoridan sakrab tom qismiga shikast yetkazgan. Shundan so‘ng, u tanishining avtomashinasini avtoturargoh hududida boshqargan. Aniqlanishicha, fuqaro B.K. mast holatda bo‘lganligi sababli savdo majmuasiga kiritilmagan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro B.K. ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 200-moddasi (“O‘zboshimchalik”), 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudiga yuborilgan.