Toshkent shahrining Mirzo-Ulug‘bek tumanida yashirin narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Aniqlanishicha, Toshkentda talabalar bo‘lmish, 18 yoshli qiz va 20 yoshli yigit ijaraga olingan xonadonda narkolaboratoriya tashkil etgan. Ular o‘tgan yil sentyabr oyidan boshlab prekursorlarni qabul qilib, Telegram orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘kon kuratorlari topshirig‘iga binoan sintetik giyohvand moddalar tayyorlab kelgan.
Shundan so‘ng, mutaxassislar tomonidan voqea joyidan 1 kg mefedron va tegishli uskunalar va asbob-anjomlar aniqlangan.
Keyinchalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan giyohvand moddalarni olayotgan vaqtida 9 nafar shaxs, hamda «zakladchik» sifatida faoliyat yuritgan yana 6 nafar fuqaro qo‘lga olingan.
Shuningdek, ular orasida bu ish bilan butun oila bo‘lib shug‘ullangan fuqarolar ham bor. Natijada, mutaxassislar tomonidan 2 kg sintetik moddalari, yani taxminan 10 ming bir martalik dozaga teng giyohvandlik vositasi tarqalishining oldi olingan.
Holat yuzasidan, Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi «b» bandi (giyohvand moddalar, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.