Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qarshi nazorat tadbirlari kuchaytirildi.
Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tekshiruvlar «Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
2026 yilning dastlabki uch oyi davomida inspektorlar tomonidan 32 450 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, ular bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Hozirda to‘lov tizimi va inspektorlar faoliyati raqamlashtirilgan. Nazorat tadbirlari monitoring natijalariga asoslanib, aniq yo‘nalishlarda manzilli tarzda amalga oshirilmoqda.
Xususan, 8 ta yo‘nalishda kuchaytirilgan nazorat joriy etilgan bo‘lib, yil boshidan bu kabi yo‘nalishlar soni 28 taga yetgan.
Transport nazorati inspeksiyasi barcha yo‘lovchilarni jamoat transportidan foydalanishda belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.