Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga ayol A.YU. murojaat qilib, ishga qabul qilish jarayonida jinsiga ko‘ra kamsitishga duch kelganini ma’lum qildi.
Murojaatda qayd etilishicha, u 2026 yil yanvar oyida Toshkent viloyatidagi iqtisodiy sohaga oid tashkilotlardan biriga mavjud lavozimga ishga qabul qilish masalasi bo‘yicha suhbatdan o‘tgan, ariza yozgan hamda elektron shartnomani imzolagan. Shundan so‘ng ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqishi kutilgan.
Biroq keyinchalik mazkur lavozimga ayol kishi qabul qilinmasligi haqida rad javobi berilgan. Murojaatchiga ko‘ra, ushbu qaror uning kasbiy malakasi yoki ish tajribasi bilan emas, balki ayol ekani bilan bog‘langan.
Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 58-moddasida belgilangan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, 42-moddasida mustahkamlangan kamsitishlarsiz mehnat qilish huquqi, shuningdek Mehnat kodeksining 4-moddasi talablariga zid.
Ushbu holat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, uning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Toshkent viloyati Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari ishtirokida o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida murojaatchining mehnat huquqlari tiklanib, u mazkur lavozimga ishga qabul qilindi.
Bu kabi yondashuv nafaqat qonunchilik talablariga, balki mehnat munosabatlarida adolat va teng imkoniyatlar tamoyiliga ham zid. Har bir ish beruvchi nomzodni uning jinsiga emas, balki kasbiy malakasi, bilimi va salohiyatiga qarab baholashi shart.