Tadbirda 150 nafar ishtirokchi qatnashdi, forum yakunida Toshkent deklarasiyasi qabul qilindi.
Toshkentda Xalqaro qishloq ayollari kuni va 2026 yil — Xalqaro ayol fermerlar yili munosabati bilan «Ayol fermerlar: ilm-fan, innovasiyalar va agrooziq-ovqat tizimlari transformasiyasi» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro institutlar, olimlar, agrar soha mutaxassislari, fermerlar va ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat 150 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Germaniya taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etildi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2026 yilning Xalqaro ayol fermerlar yili deb e’lon qilinishi qishloq xo‘jaligida xotin-qizlarning rolini oshirish, ularning yer, moliyaviy resurslar, zamonaviy texnologiyalar va bozorlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov ayol fermerlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq hududlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ayollarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, innovasiyalarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda agrooziq-ovqat tizimlarida teng ishtirokini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Forum doirasida ayol fermerlarning agrar ilm-fan, agrobiznes va qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Mavzuli sessiyalarda meva-sabzavotchilik sohasida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish va ishlab chiqaruvchilar bilan ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
FAOning «Agrooziq-ovqat tizimlari va qishloq hududlarini rivojlantirishdagi 100 nafar qahramon ayol» ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbekistonlik fermer Masturaxon Sayfutdinova bunday tadbirlar fermerlarga tajriba almashish, yangi hamkorlar topish va innovasion yechimlar bilan tanishish imkonini berishini ta’kidladi.
Tadbirda ayol fermerlar yetishtirgan qishloq xo‘jaligi va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, agrar innovasiyalar hamda startaplar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, «2026 yilning eng yaxshi ayol fermeri» respublika tanlovi g‘olibalari taqdirlandi.
Forum yakunida ayol fermerlarning agrar ilm-fan va innovasiyalardagi ishtirokini kengaytirish, iqtisodiy imkoniyatlarini mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishini yaxshilashga qaratilgan Toshkent deklarasiyasi qabul qilindi.
Hujjatda ayollar agrar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy muassasalar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.