Toshkent shahar Sergeli tumanida BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan sud ishi yakunlandi.
Holat 2024 yil 19 sentyabr kuni soat taxminan 13:45 larda Sergeli tumani, Fayzli Toshkent ko‘chasida sodir bo‘lgan. 1983 yilda tug‘ilgan M.A. BYD rusumli, davlat raqam belgisi 01 444 VFA bo‘lgan avtomashinada harakatlanib, piyodani urib yuborgan.
Yo‘l-transport hodisasi natijasida voyaga yetmagan 2015 yilda tug‘ilgan L.S. olgan tan jarohatlari sababli kasalxonaga olib borilgan vaqtda vafot etgan. Rulda bo‘lgan ayolning so‘zlariga ko‘ra, qizaloq to‘satdan yugurib chiqqan bo‘lgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybli deb topildi.
Unga nisbatan 2 yil barcha turdagi avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.