Internet tarmog‘ida voyaga yetmaganlar hujumidan jabrlangan ayolning murojaati bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan chora ko‘rilmayotgani haqida xabar tarqamoqda. Ma’lum qilamizki, ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatsizliklari to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatdan yiroqdir.
Toshkent shahar IIBBning bayonotiga ko‘ra, 2021 yil 13 iyun kuni soat 09.14 da Mirobod tumani IIO FMB 2-son ichki ishlar bo‘limiga 49 yoshli Nargiza N.dan murojaat kelib tushdi. Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni soat 08.00 atrofida u Mirobod bozori yonidan o‘tib ketayotganida 5-6 nafar voyaga yetmaganlar mushtlashayotganlarini ko‘rib qolib, ularni ajratmoqchi bo‘lgan. Bolalar esa uning kiyimiga zarar yetkazib sumkasini olib qo‘ymoqchi bo‘lishgan.
Mazkur ariza qabul qilinib, hozirgi vaqtda tergov oldi tekshiruvi olib borilmoqda. Mirobod tumani IIO FMB 2-son ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari kapitan R. Nizaxunov va katta leytenant A. Yuldashbekovlar tungi vaqtdagi patrullash davomida o‘n nafar qarovsiz voyaga yetmagan bolalarni ko‘rib qolishdi. Ularning shaxslari aniqlanib, yuqoridagi hodisalarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
"Ma’lum shaxslar tomonidan bu kabi huquqbuzarliklar muntazam ravishda sodir etilishi to‘g‘risidagi ma’lumot hozirga qadar aniqlanmadi. Fuqarolarni mish-mishlarga asoslangan tahminlardan o‘zlarini tiyishlarini so‘raymiz.
Hurmatli fuqarolar! Ijtimoiy tarmoq va messendjerlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatsizliklari to‘g‘risida xato fikrlarni ko‘rib qolish mumkin. Ko‘pincha bu fikrlarga arizachilarning tergov oldi tekshiruvlari va ichki ishlar organlari faoliyati haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmaganliklari sabab bo‘lmoqda. Jabrlanuvchi tomonning sabrsizligini tushunish mumkin, ammo olib borilayotgan ishlar natijasini kutishingizni so‘raymiz", deyiladi Toshkent shahar IIBB bayonotida.