Toshkentda qalbaki 200 ming so‘mlik tayyorlagan fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchi E.A.ni nominal qiymati 200 ming so‘m (jami 60 million so‘m) bo‘lgan 300 dona qalbaki banknotlarni 20 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga oldi.
Mutaxassislar uning «Monza» avtomashinasini ko‘zdan kechirib, yana to‘rtta qalbaki banknot, 200 ming so‘mlik kupyura tasviri tushirilgan 89 dona A4 qog‘oz va boshqa buyumlarni aniqladi.
Shuningdek, D.T. va J.Z.dan qalbaki pul ishlab chiqarishda foydalanilgan kompyuter va rangli printer olib qo‘yildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki banknotlar, aksiz markalari yoki qimmatli qog‘ozlarni tayyorlash, sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.