Kanada parlamentida AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Kanadani «51-shtat» deb hazillashishi kulgili emasligini ta’kidlashdi. Bu haqda The Hill nashri xabar berdi.
So‘nggi bunday voqea Trampning Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bilan uchrashuvidan keyin yuz berdi. AQShning bo‘lajak prezidenti o‘z ijtimoiy tarmog‘ida bu uchrashuv haqida so‘z yuritib, suhbatdoshining maqomini «Kanada degan katta shtatning gubernatori» darajasiga «pasaytirdi».
O‘tgan oy Tramp Kanadaning «51-shtat» ekanligi haqida ham hazil qilgan va yaqinda sun’iy intellekt yordamida Kanada bayrog‘i yonidagi tog‘da turgan suratini yaratgan edi.
Kanada Yashillar partiyasi yetakchisi Elizabet Mey Trampning ijtimoiy tarmoqlarini shaxsan kuzatib bormasligini, ammo bunday hazillar «kulgili emasligini» aytdi.
«Bu kulgili emas va buning ijtimoiy tarmoqlarda davom etishi meni tobora bezovta qilmoqda», dedi u.