Bugun 8 sentyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Toshkentda 172 ming qutidan ziyod tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi

Toshkentda 172 ming qutidan ziyod tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi

Bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida noqonuniy muomaladan olingan tamaki mahsulotlarini keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida oshkora yo‘q qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur amaliyot keng jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanib, bu kabi tadbirlarni muntazam davom ettirish maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatmoqda. Shu boisdan Bojxona qo‘mitasi tomonidan poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi zavodlardan birida tamaki mahsulotlarini yo‘q qilishga qaratilgan navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda bojxona organlari tomonidan fosh qilingan bir nechta holatlarda qonunbuzarlardan olib qo‘yilgan va sud hukmlariga binoan yo‘q qilishi belgilangan 172 392 quti tamaki mahsulotlari maxsus pechlarda yoqib yuborildi.

Yo‘q qilingan tamaki mahsulotlaridan 154 320 qutisi o‘tgan yilning avgust oyida Toshkent shaxar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan aniqlangan holatda huquqbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yilgan edi.

Shuningdek, o‘tgan yilning 24 avgustida o‘tkazilgan mazkur tezkor tadbirda aniqlanishicha, 2 nafar fuqaro muqaddam O‘zbekiston Respublikasi xududiga noqonuniy ravishda olib o‘tilgan, umumiy qiymati 2 mlrd so‘mlik, 32 nomdagi 154 320 qutidan iborat, xorijda ishlab chiqarilgan tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda sotish maqsadida yashash xonadonida saqlab kelgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudining 2024 yil 23 fevraldagi xukmi bilan ushbu shaxslar Jinoyat kodeksining 1861-moddasi 3-qismi “a” bandida (tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, ularga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Tadbir doirasida jurnalistlar va blogerlar uchun matbuot anjumani ham tashkil qilindi. Unda Bojxona qo‘mitasi, Majburiy ijro byurosi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sanitariya-epidiyemologik osoyishtalik, sog‘liqni saqlash idoralaridan vakillar ishtirok etdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berar ekan Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev yo‘q qilinayotgan tamaki mahsulotlari quyidagilarga ko‘ra kontrafakt va sifatsiz hisoblanishini ta’kidladi.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishi hamda iste’mol qilinishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilgan bo‘lib, tamaki mahsulotining qutisida tibbiy ogohlantirish ya’ni tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi axborotlar mavjud emas.

Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida” 2020 yil 20 noyabrdagi 737-son qaroriga muvofiq, respublika hududida barcha tamaki mahsulotlari maxsus kod bilan markirovkalanishi shart etib belgilangan bo‘lsa-da, ushbu tamaki mahsulotlari markirovkalanmagan.

Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarga aksiz markalarini joriy etish tartibi to‘g‘risida” 1996 yil 14 avgustdagi 285-son qaroriga muvofiq, aksiz solig‘i yig‘imining to‘liqligi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish, shuningdek nolegal ishlab chiqarish va respublika hududiga keltirishning oldini olish maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va uning hududiga chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlari majburiy ravishda aksiz markalari bilan markalanishi lozim. Biroq, ushbu holatda tamaki mahsulotlarida aksiz markalar mavjud emas.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bojxona organlari tomonidan huquqni muxofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda o‘tgan yilda aniqlangan 291 ta holatda, qiymati 92,2 mlrd so‘mlik 5,7 mln quti, joriy yilda esa 196 ta holatda, qiymati 17,7 mlrd so‘mlik, salkam 798 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Kiritildi: 14:22 16.05.2024. O'qildi: 841 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!