Toshkent viloyatida atmosferani ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash va nazoratni kuchaytirish maqsadida vertolyot patruli yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi. Bugungi aeropatrulda komissiya rahbarlari A. Abduhakimov va D. Qodirov ishtirok etib, havodagi ifloslanish bilan bog‘liq holatlar joyida o‘rganildi va zarur choralar ko‘rildi.
Qo‘mita vakillarining aytishicha, aerokuzatuv ekologik me’yorlarni buzayotgan korxonalar va ob’ektlarni, xususan, yashirin joylashgan yoki oddiy sharoitda aniqlash qiyin bo‘lgan manbalarni tezkor topish imkonini beradi. Bu esa monitoring samaradorligini oshirib, noqonuniy tashlamalarga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maxsus komissiya havo sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi salomatligini himoya qilish bo‘yicha kompleks tadbirlarni davom ettirmoqda. Shu bilan birga, 2 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahri va viloyatida yashil hududlarni saqlash hamda kengaytirish masalasi eng ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Yapon texnologiyasi asosidagi tekshiruvlarga ko‘ra, havodagi changning 40 foizi antropogen, 60 foizi esa tabiiy omillar bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘lgan.