Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida «Umra» ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq bir qator firibgarlik holatlari fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir necha shaxslar qo‘lga olingan.
Jumladan, Yakkasaroy tumanida fuqaro R.R. boshqa bir shaxsga «viza» hujjatlarini tayyorlab berib, uni «Umra» ziyoratiga yuborishni va’da qilib, 1 650 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tadbirda esa fuqaro A.R. xuddi shunday yo‘l bilan 1 500 AQSh dollarini olgan paytda qo‘lga tushgan.
Sergeli tumanida fuqaro M.M. va boshqalar fuqaro ishonchiga kirib, uni Saudiya Arabistoniga «Umra» ziyoratiga yuborishni va’da qilib, 1 250 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati Guliston tumanida muqaddam sudlangan fuqaro D.B. 1 000 AQSh dollari evaziga «Umra»ga yuborishni va’da qilib, 900 AQSh dollari hamda 1,2 million so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.