1️⃣ Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1992 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, hozirda poytaxtdagi nodavlat oliy ta’lim muassasasining 2-bosqich talabasi Yangihayot tumanidagi xonadonlardan birini ijaraga olib, moddiy manfaatdorlik evaziga, 2014–2021 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 9 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy saboq berib kelgan.
Tekshiruv jarayonida 49 dona turli diniy mazmundagi kitoblar, 24 dona diniy darsliklar yozilgan daftarlar hamda 1 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarga majburiy ravishda saboq berilgan, ayrim hollarda esa ularga turli darajada tan jarohatlari ham yetkazilgan.
Shuningdek, bolalardan 6 nafari 2 oydan 8 oygacha umumta’lim maktabidagi darslarga bormagan, aksincha, majburan uyda saqlanib, hatto ularga ko‘chaga chiqishga ham ruxsat berilmagan.
Hozirda ushbu manzildan olingan diniy adabiyotlar va kompyuter texnikasi yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlanib, qonunbuzar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, bolalarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-moddasi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
2️⃣ Yangihayot tumanida kuzatilgan boshqa holatda esa, yuqorida keltirilgan talabaning nodavlat oliy ta’lim muassasasidagi o‘qituvchisi ham ijara xonadonda bolalarga noqonuniy tarzda diniy saboq berayotgani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, 1987 y.t. ushbu shaxs va uning turmush o‘rtog‘i tomonidan 2009-2018 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 5 nafar bolalarga saboq berilgan bo‘lib, ular orasida Tojikiston Respublikasi fuqarosining ham farzandi bor.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha tegishli ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
🏪 Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.