Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yangi tezyurar temir yo‘li qatnov vaqtini 1,5 soatgacha qisqartiradi. Bu haqda «Spot» nashri Transport vazirligining taqdimotiga tayanib xabar bermoqda.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev o‘z nutqida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari grant ajratgan Koreya Eksimbanki ko‘magida ishlab chiqilganini ta’kidladi. Yaqinda xarid qilingan 6 ta Hyundai Rotem poyezdlari shu yil oxiridan boshlab yetkazib beriladi, keyingi yil boshidan esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshlaydi.
«O‘zbekistonda mavjud temir yo‘llarining tranzit salohiyati cheklangan, chunki [yo‘lovchi tashishdan tashqari] mamlakat orqali o‘tadigan yuk tashuvlari ham mavjud. Bitta liniyadan bir vaqtning o‘zida yuk va yo‘lovchi tashishda foydalanish imkonsiz, biz uni yanada kengaytira olmaymiz. Albatta, biz operasion jarayonlarni optimallashtiryapmiz, lekin shu bilan birga, maxsus tezyurar temir yo‘l liniyasini qurish muhim», – degan Choriyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tezyurar temir yo‘l Toshkentning yangi xalqaro aeroportini bog‘lab, Samarqandga yetib boradi.
Ma’lum qilinishicha, 24 oktyabr kuni Janubiy Koreyaning «Saman Engineering» kompaniyasi Transport vazirligi, O‘zbekiston temir yo‘llari va boshqa idoralar takliflari asosida Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lining 3 ta variantini taqdim etgan.
Birinchi variantda temir yo‘l uzunligi 282 km, harakat vaqti 1 soat 26 daqiqa, o‘rtacha tezlik 185,7 km/soatni tashkil etadi. Umumiy uzunligi 8,9 km bo‘lgan 74 ta ko‘prik va 3 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi variantda magistralning uzunligi 291,7 km. Bunda o‘rtacha tezlik 179,4 km/soatgacha pasayadi, yo‘lga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 33 daqiqagacha ortadi. Loyiha doirasida 82 ta ko‘prik va 16 km uzunlikdagi 1 ta tunnel quriladi.
Uchinchi variantda yuqori tezlikdagi temir yo‘lning uzunligi 302 km.dan ortiq. O‘rtacha tezlik 166,9 km/soat bo‘lganda Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan masofa 1 soat 45 daqiqa davom etadi. Yo‘nalish umumiy uzunligi 9,6 km bo‘lgan 105 ta ko‘prik va 2 ta tunnelni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevralida Transport vazirligi Janubiy Koreya kompaniyalari konsorsiumi bilan Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni boshlashga kelishib olgandi. Koreya Eksimbanki buning uchun grant ajratadi.
Loyihaga, jumladan, temir yo‘lni moliyalashtirishga Xitoy Eksimbanki va Yevropa investisiya banki qiziqish bildirgan.