Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80-90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular qo‘shimcha reklama maydonlarini yaratish orqali daromadlarni oshirishga ham xizmat qiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish – yangi liniyalar qurilishi. Xususan, “Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” metropoliten liniyasi bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda “Mingo‘rik – Janubiy vokzal” yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa “Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Shuningdek, avtotransportdan metro tizimiga qulay o‘tishni ta’minlash maqsadida “Park&Ride” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.