Toshkent xalqaro aeroportida o‘tgan yilning avgust oyida boshlangan uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports Matbuot xizmati xabar berdi.
12 apreldan boshlab uzunligi 3905 metr va kengligi 60 metr bo‘lgan, barcha turdagi samolyotlarni qabul qiladigan uchish-qo‘nish yo‘lagi foydalanishga topshirildi. Yo‘lak PCN ko‘rsatkichlari: yo‘lak chidamliligi tasnifi raqami 69, tekisligi — 5. Bu esa 285 tonnagacha yuklarga bardosh berish imkonini beradi.
Shuningdek, uchish-qo‘nish yo‘lagi ICAO'ning birinchi toifasiga mos keladigan zamonaviy energiya tejovchi yoritish uskunalari va qo‘nish tizimiga ega. Bu esa gorizontal ko‘rinish 800 metr va vertikal ko‘rinishi 60 metr bo‘lganda ham samolyotga qo‘nish imkonini beradi.
"Bugun biz yangilangan ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagini ochmoqdamiz. Yo‘lak oxirgi marta 1996 yilda rekonstruksiya qilinganini hisobga olsak, bu Toshkent aeroporti uchun juda muhim voqea. Uchish-qo‘nish yo‘lagining holati esa parvozlar xavfsizligini ta’minlashning muhim mezoni hisoblanadi. Bundan tashqari, parvozlar soni har yili taxminan 50% ga oshmoqda. Hozir poytaxt havo bandargohida kuniga o‘rtacha 140 ta reys amalga oshirilmoqda. Toshkent esa "hab" — markazga aylanib bormoqda. Shu bois, o‘tgan yozda kapital rekonstruksiya qilish uchun uchish-qo‘nish yo‘lagini yopishga qaror qilingan edi", — deya izoh berdi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.
Rekonstruksiya loyihasi 120 milliard so‘mga baholanmoqda. Yo‘lakni rekonstruksiya qilish loyihasi Development infrastructure and design tomonidan ishlab chiqilgan. Ishlar esa Dorkompleksnab Plus MCHJ pudratchi tomonidan amalga oshirildi.