«Toshkent» xalqaro aeroporti chegara bojxona posti xodimlari tomonidan zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.
Jumladan, qo‘shni mamlakatga uchayotgan fuqaroning yuk sumkasi rentgen tekshiruvida ko‘zdan kechirilganda, jomadon temir asosiga yopishtirilgan sariq rangli metalldan yasalgan lenta ko‘rinishidagi buyumlar aniqlandi. Ularning og‘irligi 350 grammni, qiymati 549 mln. so‘mni tashkil qildi.
Yana bir holatda xorijiy mamlakatdan yurtimizga uchib kelib, yashil yo‘lak orqali harakatlangan shaxs tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijada, ushbu fuqaro ichki kiyimi va paypoqlariga deklarasiyada ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 833 mln so‘mlik 710 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashirganligi ma’lum bo‘ldi.
Ayni shu reys bilan yurtimizga uchib kelgan yana bir fuqaro shimining cho‘ntagi va paypoqlariga qiymati 907 mln so‘mlik 803 gramm zargarlik buyumlarini yashirganligi aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.