Bugun 1 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Tomir tortishi qanday kasallikdan darak beradi?

Tomir tortishi qanday kasallikdan darak beradi?

Tibbiyotda mushaklar tonusining oshishi oyoq tortishishi deyiladi. Bu noxush holat beixtiyor yuz beradi va 10-15 soniya davom etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzi aholisining 80 foizi oyoq tomir tortishishining u yoki bu turidan qiynaladi. Bu holat mutlaqo sog‘lom insonlarda ham kuzatiladi. Xo‘sh, tomir tortishi biror kasallikdan darak beradimi? Bu holatning kelib chiqish sababi va oqibatlari qanday? SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova javob beradi.
— Tomir tortishining asosiy sabablari nima?
— Ushbu tasodifiy og‘riqlar mushaklar zo‘riqishi bilan bog‘liq bo‘lib, organizmda minerallarning, birinchi navbatda, kaliy, kalsiy, magniy hamda bir qator vitaminlar yetishmasligidan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar tomir tortishishini asab zo‘riqishi, kamharakatlilik, muntazam o‘tirib ishlash, uzoq muddat tik oyoqda turish yoki suvda suzish, organizmning suvsizlanishi va turli xil kasalliklar bilan ham bog‘lashadi.
— Tomir tortishi insult yoki infarktni kelib chiqarishi mumkinmi?
— Tomir tortishishi, asosan, 40-50 yoshdagi insonlarda ko‘proq kuzatiladi. Ular tanasidagi xolesterin miqdorini tez-tez tekshirtirib turishi kerak. Chunki qon tomirlari devorida xolesterin moddasining ko‘payib ketishi oqibatida qon yurishi birmuncha qiyinlashadi. Shundan keyin tez-tez qo‘l va oyoq uvushishi kuzatiladi.
Agar vaqtida oldi olinmasa, insult yoki infarkt kelib chiqishi mumkin. Yoshlarda bu holat, asosan, tanada qon yaxshi aylanmasligi sababli yuzaga keladi. Turli jismoniy mashqlar yordamida bu muammoni hal qilish mumkin.
Tomir tortishishining ikki xil ko‘rinishi farqlanadi. Birinchisi, keskin va qisqa fursat davom etib, tibbiyotda klonik tomir tortishishi deyiladi. Ikkinchisi esa buning aksi, bezovtalik dabdurustdan boshlansada, spazm bir necha daqiqalarga cho‘zilishi mumkin. Shifokorlar bu holatni tomir tortishishining tonik turi, deya tasniflaydilar.
Har ikkala holatning kelib chiqishi infeksion kasalliklar, oziq mahsulotlari, (dori vositalari)dan zaharlanish, bosh miya jarohatlari, nevroz, moddalar almashinuvining buzilishi, yurak va qon xastaliklariga bog‘liq.
— Infeksiyalarning ham ta’siri bormi?
Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, tana harorati ko‘tarilganida oyoq-qo‘llarda yengil titroq yuzaga keladi. Termometr ko‘rsatkichlari +39 +40 S darajaga yetganida esa oyoq va qo‘l tomirlarida tortishish kelib chiqishi mumkin. Bunga kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning «qo‘li baland» kelayotgani sabab bo‘ladi.
Negaki, isitma tushiruvchi preparat qabul qilingach, mushaklar asta bo‘shashadi.
Shuningdek, inson biror voqea-hodisadan qattiq ta’sirlansa, qonda adrenalin miqdorining ortishi nafas olish maromining tezlashishiga olib keladi. Organizmga kislorod kelib tushishi o‘zgargach, karbonat angidrid darajasi ham pasayadi va oyoq tomirida spazm kelib chiqadi.

Kiritildi: 10:14 23.01.2021. O'qildi: 6280 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!