O‘tgan haftada Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida sodir bo‘lgan ikki otishma oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohat oldi.
Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, bu haqda prezident Imomali Rahmonning xavfsizlik va huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan o‘tkazgan ishchi uchrashuvida ma’lum qilingan.
"O‘tgan haftada Afg‘oniston chegarasidan Tojikistonga o‘t otish bo‘yicha ikkita hodisa qayd etildi. Ushbu hodisalar natijasida besh kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohat oldi", — deyiladi xabarda.
Rahmon tegishli idoralarga vaziyatni bartaraf etish va bunday ayanchli hodisalar takrorlanmasligi bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.
Prezident chegara xavfsizligini ta’minlashda profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish, tezkor choralar ko‘rish, chegara hududlarida keskinlashuvning oldini olish zarurligini ta’kidladi.