Bugun 14 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Tirnoq ko‘chishi mikoz alomatimi?

Tirnoq ko‘chishi mikoz alomatimi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Yer yuzining 80 foizga yaqin katta yoshli aholisi oyoqlar salomatligi bilan bog‘liq turli muammolardan aziyat chekadi. Ulardan biri mikozdir.

Xo‘sh, ushbu xastalikka qanday omillar sabab bo‘ladi?

Bu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Ilhom Rahimov javob berdi.

— Oyoqlarning anatomik nuqsonlari (yassitovonlik yoki barmoqlar orasi burmalarining torligi), juda tor va havo o‘tkazmaydigan sintetik poyabzallar kiyish, oyoqlarning uzoq vaqt noqulay sharoitda bo‘lishi zamburug‘li kasallik hisoblangan mikozlar paydo bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratadi, — deydi mutaxassis.

— Oyoq mikozi bilan og‘rigan bemorlar va zamburug‘lar bilan zararlangan buyumlar kasallik manbai hisoblanadi. Xastalik asosan shaxsiy gigiyenaga e’tibor bermaydigan kishilarda uchraydi.

Zamburug‘lar bemor oyoq terisi po‘stli qipiqlarida juda ko‘p miqdorda bo‘ladi.

Oyoq terlashi, ishlab chiqarish omillarining ta’siri, qon-tomir va endokrin tizimida uchraydigan patologik o‘zgarishlar, onkologik hamda immuntanqislik bilan kechuvchi kasalliklar oyoq mikozi va boshqa zamburug‘li xastaliklar rivojlanishiga qulay sharoit tug‘diradi.

Mikoz boshlanishida teri qichishadi, ba’zan qizarishi mumkin. Shuningdek, teri quruqlashib, qipiqchalar yuzaga keladi yoki suvsiraydi hamda aniq chegaralangan dog‘lar paydo bo‘ladi.

Vaqt o‘tishi bilan kasallik davolanmasa, qo‘l yoki oyoq tirnoqlariga o‘tishi mumkin. Bunda tirnoq plastinkalari qalinlashib, uvalanadi. Rangi o‘zgarib, notekis holga keladi. Ba’zida esa tirnoq plastinkasi ko‘chishi mumkin.

Agar xastalik o‘z vaqtida davolanmasa, yillab davom etadi va bu davrda bemor zamburug‘ infeksiyasini boshqalarga ham yuqtirishi mumkin.

Shu bois har bir kishi oyoq-qo‘llari terisida muammolar kuzatilganda shifokorga murojaat qilishi lozim.

Ayni paytda zamonaviy tekshiruvlar orqali teri xastaliklari tezkorlik bilan aniqlanadi. Mutaxassis nazoratida kerakli muolajalar olinsa, bemor hech bir asoratsiz darddan forig‘ bo‘ladi.

Kiritildi: 12:49 15.08.2023. O'qildi: 3575 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!