Osiyo futbolidagi eng muhim voqealardan biri — Jahon chempionati saralash bosqichining hal qiluvchi bosqichi uchun qur’a tashlash marosimi yaqinlashmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 17 iyul kuni soat 15:00 da ushbu marosim katta tantana bilan o‘tkaziladi. Shu orqali 2026 yilgi mundial sari yo‘l olishni istagan Osiyo terma jamoalari uchun so‘nggi bosqich yo‘nalishi aniqlashadi.
Saytimiz manbalariga ko‘ra, Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK) o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari uchun yangilik bo‘ladigan muhim qadam tashladi. Xususan, mamlakatimiz terma jamoasini Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionatiga olib chiqqan mashhur mutaxassis Timur Kapadze qur’a tashlash marosimida maxsus mehmon sifatida ishtirok etish uchun taklif etildi. U guruhlarni aniqlab berishda ishtirok etadi.
Mazkur bosqichda Osiyo mintaqasidan 6 jamoa ishtirok etadi. Ular FIFA reytingiga ko‘ra quyidagi savatchalarga ajratilgan:
1-savatcha: Qatar, Saudiya Arabistoni
2-savatcha: Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari
3-savatcha: Ummon, Indoneziya
Qur’a natijasida har bir guruhga 3 tadan jamoa joylashadi. Ikkita guruhdan faqat g‘olib chiqqanlar Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar esa yarimta yo‘llanma uchun kurashni davom ettiradi.
Mazkur bosqichning guruh o‘yinlari 8 oktyabrdan 14 oktyabrgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.