Oliy Majlis Senati Kengashi Timur Ishmetovni Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
45 yoshli moliyachi tayinlovga qadar prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgandi.
Timur Ishmetov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan, 2005 yilda Birmingem universitetidan moliya-bank yo‘nalishida magistr darajasini olgan. 2007 yilda Toshkent yuridik universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan. 24 yillik mehnat faoliyatining 19 yilini Markaziy bankda o‘tkazgan.
U 2000 yilda Markaziy bank iqtisodchisi, 2001–2004 yillarda katta ekspert-analitik, Valyuta birjasi va tashqi aloqalar departamenti rahbari bo‘lgan. 2004–2008 yillarda Pul-kredit operasiyalari departamentida ishlagan. 2008–2009 yillarda Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamenti, 2009-2010 yillarda Ichki valyuta bozoridagi operasiyalar departamenti, 2010–2017 yillarda Valyuta boshqaruvi va nazorati departamentini boshqargan.