Bugun 14 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Tibbiyot turizmi yo‘nalishida kiruvchi turistik oqimni rag‘batlantirish vositalari

Tibbiyot turizmi yo‘nalishida kiruvchi turistik oqimni rag‘batlantirish vositalari

O‘zbekistonda tibbiyot turizmini rivojlantirish davlat darajasidagi dolzarb masala o‘laroq diqqat markaziga chiqqan. Bunda tibbiy-profilaktika muassasalari, kosmetologik klinikalar, sanator-kurort maskanlari, sport-sog‘lomlashtirish markazlari, fitobarlar va diet kafelar kabi tibbiyot turizmi infratuzilma ob’ektlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Milliy iqtisodiyotda tibbiyot turizmi ulushini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, tibbiyot turizmini rivojlantirishga maqsadli yondashuvni qaror toptirish zarur. Xususan, tibbiyot turizmida muammolar bankini shakllantirish, xorij tajribasini tadqiq qilish, maxsus preferensiyalarni joriy etish, rivojlanish strategiyasini belgilab olish, vakolatlar iyerarxiyasini optimallashtirish, professional menejerlar korpusini tayyorlash, tibbiyot turizmi xartiyasini qabul qilish maqsadga muvofiq.

Tibbiyot turizmining rivojlanishi iqtisodiyot tarmoqlarida o‘sish tendensiyalarini ta’minlashga multiplikativ ta’sir effekti orqali hissa qo‘shadi. Shularni inobatga olib, ayni sohadagi muammolarni aniqlashtirib olish taqozo qilinadi. Ularni quyidagi guruhlarga tasniflash o‘rinli:

— tibbiyot turizmini rivojlantirish yuzasidan xorij tajribasini implementasiya qilish, tibbiyot turizmiga ixtisoslashgan menejerlar tayyorlash jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, tibbiyot turizmi bo‘yicha “Tashkent MediCare” mintaqaviy xabini ta’sis etish singari tashkiliy muammolar;
— tibbiy maqsadlardagi kirish turizmini rag‘batlantirish dastaklarini takomillashtirish, tibbiyot turizmini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha iqtisodiy preferensiyalar joriy qilish singari iqtisodiy muammolar;
— tibbiyot turizmini rivojlantirishning marketing omillarini tizimlashtirish, tibbiyot turizmini o‘rta istiqbolda rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, tibbiyot turizmini o‘rta istiqbolda rivojlantirish strategiyasini bajarishda vakolatlar iyerarxiyasini belgilash singari marketing muammolari;
— tibbiyot turizmining xalqaro miqyosdagi o‘sish tendensiyalariga erishishga doir huquqiy kafolatlarni kuchaytirish, Markaziy Osiyo davlatlarining tibbiyot turizmi xartiyasini qabul qilish singari huquqiy muammolar.

Tibbiyot turizmini rivojlantirish yuzasidan xorij tajribasini implementasiya qilishda tibbiyot turizmiga ixtisoslashgan turoperatorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, tibbiyot turizmining infratuzilma ob’ektlari faoliyatini yagona servis sikliga birlashtirgan tuzilmaga asos solish, tibbiyot turizmining infratuzilma ob’ektlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozlar paketini ishlab chiqish, tibbiyot turizmining infratuzilma ob’ektlari faoliyatini rivojlantirishda innovasion marketing imkoniyatlaridan foydalanish, tibbiyot turizmini rivojlantirishga mo‘ljallangan strategik chora-tadbirlarni qat’iy belgilab olish yuqori samara beradi. Jumladan, tibbiyot turizmi bo‘yicha “Tashkent MediCare” mintaqaviy xabini tashkil etish o‘zining ijtimoiy, gumanitar va iqtisodiy ahamiyati bilan diqqatga molik. “Tashkent MediCare” mintaqaviy xabini tashkil etish natijasida tibbiyot turizmi infratuzilmasi ob’ektlarida yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mintaqada epidemiologik vaziyat barqarorlashadi va kasalliklar profilaktikasi samaradorligi oshadi, investision loyihalarni realizasiya qilish orqali ishbilarmonlik faolligi ortadi, ta’lim-fan-amaliyot integrasion zanjirida innovasion ishlanmalar yaratilishi va monetizasiyasi uchun qulay platforma vujudga keladi.

Tibbiyot turizmi mintaqaviy xabiga offshor zonasi maqomini berish, tibbiy uskunalar importida boj to‘lovlarini bekor qilish, kommunal infratuzilma ta’minotini davlat tomonidan kafolatlash tibbiy maqsadlardagi kirish turizmini rag‘batlantirish dastaklari sirasiga kiradi. Tibbiyot turizmi offshor zonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• tibbiyot turizmi ob’ektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish, tibbiyot turizmida ishbilarmonlik faolligini manzilli qo‘llab-quvvatlash;
• tashqi sotuv bozorlarida jozibali turistik destinasiya sifatida O‘zbekistonning ijobiy imijini targ‘ib qilish, davolanish maqsadlariga parallel ravishda sport-sog‘lomlashtirish va rekreasiya qulayliklarini taqdim qilish;
• tibbiyotda ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish jarayonini samarali tashkil etish.

Qo‘shni davlatlar davolanuvchilari uchun O‘zbekistonda bo‘lish muddatlariga oid cheklovlarni istisno qilish, tibbiyot turizmi maqsadlarida kirib keluvchilar uchun “VisaFree” rejimini joriy qilish, “Tashkent MediCare” mintaqaviy xabi rezidentlari uchun soliq imtiyozlari paketini qo‘llash, vakolatli davlat organi tomonidan tibbiyot turizmi bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro yarmarka o‘tkazib borish, hukumat rahbari raisligida tibbiyot turizmi rivojlanishini muvofiqlashtiruvchi Kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bosqichma-bosqich “Bukhara MediCare”, “Kokand MediCare”, “Nukus MediCare” tibbiyot turizmi xablari tashkil etilishining me’yoriy-huquqiy asoslarini tasdiqlashni tibbiyot turizmi bo‘yicha taklif etilayotgan preferensiyalar sirasiga kiritish mumkin.

Raqobatdosh turlar katalogini taklif qilish, turlar uchun optimal narx siyosatini yuritish, tashqi sotuv bozorlarida turistik agentliklar tarmog‘ini yaratish, tibbiyot turizmi salohiyatini tanlangan bozor segmentlarida faol targ‘ib qilish, CRM tizimini yo‘lga qo‘yish, servis uskunalarini modernizasiya qilish, administrativ bo‘linmalarda servis personalining etiket me’yorlariga amal qilishini nazoratga olish, marketing byudjetini o‘rta istiqbol uchun rejalashtirish amaliyotiga o‘tish, B2B kommunikasion modelining ilg‘or uslublaridan foydalanish, brendlar targ‘ibotida raqamli marketingni faol qo‘llash yo‘llarini tibbiyot turizmini rivojlantirishning marketing aspektlari sifatida sanab o‘tish lozim.

Tibbiyot turizmini o‘rta istiqbolda rivojlantirish strategiyasi o‘z tarkibida tahliliy faoliyat natijalarining umumlashgan matrisasi, missiya va unga erishishga doir vazifalar bajarilishini ta’minlovchi amaliy sa’y-harakatlar algoritmi, operasion menejmentda samaradorlikka erishish imkonini beruvchi vakolatlar iyerarxiyasi, monitoring va nazoratni amalga oshirishda baholash indikatorlari (KPI), unumli mehnatni motivasiyalash mezonlarini qamrab oladi. Tibbiyot turizmini o‘rta istiqbolda rivojlantirish strategiyasini bajarishda vakolatlar iyerarxiyasining yadrosi tibbiyot turizmi rivojlanishini muvofiqlashtiruvchi Kengash hisoblanadi. Bunda tibbiyot turizmi salohiyatining reklama konsepsiyasi uchun mas’ul tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markazi, tibbiyot turizmi bo‘yicha investision loyihalar portfelini shakllantirish uchun mas’ul tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tarkibidagi Investorlar bilan ishlash departamenti, tibbiyot turizmi infratuzilma ob’ektlarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash uchun mas’ul tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibidagi Inson resurslarini boshqarish bo‘limi, tibbiyot turizmining samarali rivojlanishini monitoring qilish uchun mas’ul tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibidagi Ijtimoiy sohalar iqtisodiyoti departamenti, tibbiyot turizmi xabiga qamrab olingan ob’ektlarni optimal joylashtirish uchun mas’ul tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi Strategik rejalashtirish bo‘limi sanaladi.

Tibbiyot turizmining xalqaro miqyosdagi o‘sish tendensiyalariga erishish kafolatlari sifatida esa quyidagilarni ta’kidlash joiz:

— tibbiyot turizmi rivojlanish sur’atlarining strategik rejalashtirilganligi;
— mustahkam me’yoriy-huquqiy bazaga tayanilishi;
— amaliy chora-tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi organning qat’iy belgilanishi;
— tibbiyot turizmini uzoq muddatli istiqbolda kompleks qo‘llab-quvvatlash richaglarining aniqlashtirilganligi.

Xulosa qilganda, tibbiyot turizmini rivojlantirishdan aniq iqtisodiy samara kutiladi. Ya’ni, milliy turizm mahsuloti diversifikasiyasi jadal amalga oshadi, rentabellik hisob-kitobiga ko‘ra kiruvchi turistik oqimning tuzilmaviy tarkibi o‘zgaradi, milliy turizm salohiyatining ichki va tashqi bozorlardagi targ‘ibotida maqsadli yondashuv qaror topadi, turizmning iqtisodiyot yondosh tarmoqlariga multiplikativ ta’sir effekti oshadi, O‘zbekiston hududlari rivojlanishidagi nomutanosibliklar bartaraf etiladi, tibbiyot turizmi yo‘nalishida xizmat ko‘rsatishning yagona makonda jamlangan to‘liq sikliga asos solinadi. Bir so‘z bilan aytganda, global masshtabda inqirozli holatlar kuchayib borayotgan bir davrda tibbiyot turizmi yo‘nalishida kiruvchi turistik oqimni rag‘batlantirish vositalarini takomillashtirish masalasiga doir ilmiy-metodologik bazaning chuqur tadqiq qilinishi ob’ektiv zaruratga aylangan.

Kiritildi: 03:51 12.11.2024. O'qildi: 379 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!