Nobel qo‘mitasi fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha nufuzli mukofot sovrindorlari nomini 6 oktyabr, dushanba kuni e’lon qildi.
Olimlar Meri Brunkov, Fred Ramsdell va Shimon Sakaguchiga odam immun tizimining o‘z to‘qimalariga hujum qilishiga to‘sqinlik qiluvchi periferik immunitetga chidamlilik mexanizmini kashf etgani uchun ushbu nufuzli mukofotga loyiq ko‘rildi.
Nobel jamg‘armasi matbuot xizmati saytining xabar berishicha, ushbu olimlarning tadqiqotlari organizmning immun reaksiyasi qanday tartibga solinishi haqidagi tushunchaga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Odam immuniteti har kuni minglab mikroorganizmlarning hujumlariga qarshi turadi, ammo uning kuchi qattiq nazorat qilinishi kerak. Aks holda, u organizmning o‘ziga qarshi ta’sir ko‘rsatib, autoimmun kasalliklariga olib kelishi mumkin.
Sovrindorlar immunitet tizimining o‘z a’zolari va to‘qimalariga hujum qilishiga to‘sqinlik qiluvchi maxsus turdagi hujayralar – tartibga soluvchi T-limfositlar mavjudligini aniqlashdi.
Nobel qo‘mitasi raisi Olle Kempening ta’kidlashicha, Brunkov, Ramsdell va Sakaguchining kashfiyotlari “nima uchun hamma autoimmun kasalliklardan aziyat chekmasligi va organizm o‘z ichki muvozanatini qanday saqlab turishini tushunish uchun juda muhim ahamiyatga ega” bo‘ldi