Bugun 23 sentyabr, 2020 yil, chorshanba

КИР

Terrordan ajal sari: xorazmlik yangi kuyovning fojiali taqdiri

Terrordan ajal sari: xorazmlik yangi kuyovning fojiali taqdiri

…Urganchlik Bobonazar Rajabovga 1995 yili yaxshi niyat-la boshlagan to‘yi tatimadi. Endigina 21 yoshga to‘lgan o‘g‘li Azamat o‘zi va bo‘lg‘usi umr yo‘ldoshi uchun hozirlangan go‘shangaga kirmadi.

Kuyovbola to‘yiga bir kun qolganida kutilmaganda Urganch shahrining Samarqand ko‘chasidagi o‘zi unib-o‘sgan ota uyini tark etib, poy­­taxt — Toshkentga ravona bo‘ldi.

U to‘y arafasi uyidan ketishga qa­ror qilganini garchi yaqinlaridan sir tutgan esa-da, bu haqdagi niyatini ba’zi yet­ti yot begonalarga allaqachon ma’lum qilgan edi.

Toshkentda uni ayni shu kimsalar kutib oldi. U va sheriklari vaqtni bekor o‘tkazishmadi. Yo‘l hozirligini ko‘rishdi va oradan bir necha kun o‘tgach, uch kishi bo‘lib, qo‘sh­ni Tojikiston sari otlanishdi. Goho avtoulovda, ko‘­pincha esa, poyi-piyoda yurishdi. Kunduzi panalab, tunda harakatlanishdi va nihoyat, qo‘shni res­publikaning Hoit qishlog‘idan qo‘nim topishdi.

Azamat bu yerda ham bekorchilikni bir chetga surdi, gapga chechanlik qobiliyatini namo­yish etdi. Hech ikkilanmay «Tur­kiston», keyinchalik esa, «O‘z­bekis­ton islom harakati» deb nomlangan diniy ekstremizm va terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shildi. Bu buzg‘unchi tashkilot rahnamolari unga «Xuzayfa» laqabini berishdi va 2000 yi­li yetarlicha harbiy hamda diniy buzg‘unchilikka qaratilgan ta’limdan so‘ng urush va zo‘ravonlik olovi tobora zo‘rayayotgan Afg‘oniston zaminiga yo‘llashdi.

Ular Qunduz shahriga yetib kelishdi. Bu yerda qonuniy hokimiyatga qarshi qurolli jang olib  borayotgan «Tolibon» ha­rakati faollari ularni kutib olishdi, kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan ta’minlab, ancha vaqtdan buyon notinch va behalovat turmush domida qolib kelayotgan Mozori Sharif shahriga eltishdi.

Azamat bu yerda ushbu qo‘poruvchilik tashkilotining «Tar­g‘ibot» guruhiga qo‘­shildi. Videotasvirchilik bobida bilim va malakaga ega ekanini bildirgach, zimmasiga ayni shu vazifani yuklashdi.

Shu tariqa Azamat Tohir Yo‘l­dosh, Juma Namangoniy kabi buzg‘unchi «amir-ulamo»larning yaqin hamrohi va dastyoriga aylandi. Ularning nopok qadami, buzg‘unchi ma’ruza va nutqlariga daxldor voqealar tafsiloti aks etgan yuzlab video tasvirlar, hujjatli filmlarni suratga ol­­di. Ayyuhannos solishdan iborat bunday soxta va yolg‘on-yashiq video tasma-tasvirlar arab, fors tillarida tarqatildi.

Jang manzaralaridan birini tasvirga tushirish cho­g‘i og‘ir yaralandi, lekin o‘z rahnamosining g‘amxo‘rligi bilan yana oyoqqa turdi.

Tuzalishi bilan tag‘in jang maydoniga otlandi.

Tohir Yo‘ldoshning ko‘rsatmasiga muvofiq, eri jangda halok bo‘lgan xorazm­lik ayol I. Olloberganovani sha’riy yo‘l bilan unga nikohlab berishdi. Bu oila bir muddat qo‘shni Pokistonda yashadi. Biroq turmushning bu yanglig‘ totli damlari omonat bo‘lib chiqdi. Bir hovuch buzg‘unchi to‘dani boshqargan J. Namangoniy, T. Yo‘ldosh singari kallakesarlar yot elda it o‘limini topishdi.

Afg‘oniston va Pokiston zaminida urush olovini yoquvchilar uyasiga suv qu­yildi. Bu yurt­lar pirovardida Vatanga qurolli hamla qilishni mo‘l­jal­lagan jangari-xoinlarga torlik qil­di. Ulardan ko‘pchiligi ilonning inini ming tangaga kira qilgancha, ba’zi fors hamda arab davlatlaridan panoh izlashdi.

Bunday shum taqdir va qismat «o‘yini»ga Azamat hamda uning sho‘rpeshona ayoli hamda farzandlari ham duch kelishdi. O‘z rahnamolaridan judo bo‘lib, umidsizlik iskanjasida qolgan Azamat «hara­kat»­ning yangi rahbarlaridan qo‘­­lini yuvib, qo‘ltig‘iga urdi, paytini  poylagancha bu yot elni tark etdi.

Uning oilasi Erondan boshpana topdi. Mazkur mamlakatning goho u, goho bu hu­dudida qochqin va muhojir maqomida tirikchilik qildi, payti kelganida esa, Vatanga qaytish ilinjida qo‘shni Ozarbayjonga tutash Ostara shahriga ham mo‘raladi, bir necha hafta mobaynida oilasi bilan sarhaddagi shaharda omonatgina kun kechirdi.

Aytishicha, sarhaddan o‘tish imkoni topilmagach, ortiga qaytgan.

Afsuski, tug‘ilib o‘sgan diyor endi unga yot. U o‘z bag‘ri­ni vatanfurush-xoin­larga ochmaydi, ocholmaydi. Bunday qil­­mishga qo‘l urgan kimsa, avvalambor, sud oldida o‘z kirdikorlari hisobini bermog‘i darkor.

Tohir Yo‘ldosh va u boshchilik qilgan qurolli guruh gumashtasi — videotasvirchi Azamat tomonidan amalga oshirilgan qilmish esa, ancha og‘ir: unga nisbatan Vatani oldidagi jinoyatlari, o‘zga yurtlar aho­lisi, davlat hokimiyati organlariga qarshi olib borilgan jang harakatlarida faol ishtirok etgani uchun hali 2007 yildayoq O‘zbekistonda jinoyat ishi ochilib, qidiruv e’lon qilingan.

Kechmish g‘ildiragi esa, hamon tinimsiz aylanadi. Ana shu tariqa kunlarni quvlab, haftalar, oylar, yillar o‘tdi. Yot ellarda umguzaronlik qilayotgan Rajabovlar oilasi farzandlari 6 nafarga yet­di. Oila uzoq Xorazmda qolgan yaqinlari bilan aloqani tikladi.

Shundan so‘ng avvaliga Azamatning otasi B. Rajabov, ke­yinchalik umr yo‘l­do­shi­ning otasi I. Olloberganov ular huzuriga kelishdi. Bir muddat birga yashab, Vatanga qaytish choralari, yo‘l-yo‘riqlarini izlashdi.

Ana shun­day kunlarning birida yurt eshiklari go‘yoki o‘zi­­­ning noqobil farzandi uchun ochilganday bo‘ldi.

Arafada Eron migrasiya xizmati to­monidan qo‘lga olinib, turmaga tashlandi. Muhojirning bir necha oylik hayo­ti ana shu maskanda kechdi. Shu vaqt ichida uni o‘z yurtiga jo‘­natish choralari ko‘rildi. Bu voqea 2017 yilning noya­br oyida sodir bo‘ldi.

Azamat tushgan samolyot Tehrondan uchib Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Biroq zikr qilinganidek, Vatan xoinga quchoq ochmadi. Uni xalqaro norma talablariga muvofiq ertasi kuniyoq ortiga qay­tarishdi. Yot elga qayt­gan muhojir yana qochoqlar lageriga tushdi.

Bir necha haftadan so‘ng un­ga qo‘sh­ni Turkiyaga o‘tib yashashi mumkinligini rasman tushuntirishdi. U taklifni qa­bul qildi. Oila qa­riyb 15 yil­lik sarson-sargardonlikdan so‘ng nihoyat turk­lar zaminiga yetib keldi. Azamat bu yer­da ham yurtiga qaytish istagidan voz kechmadi. O‘zbe­kis­tonning Turkiyadagi vakolatxonalariga kechirim so‘­rab, pushaymonlik arizasi bilan murojaat qildi. Va nihoyat…

…2019 yil. Qishning dastlabki oyi. O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi Azamatning bir necha bor qilgan murojaatiga javob qaytardi. Yurtiga qaytishi mumkinli­gi­ni bil­dirdi. Ayni paytda­ uni Vatanda sud javobgarligi jarayoni kutayotgani, basharti, mamlakatga qaytsa, qo­nun so‘roviga duch kelishi va jazolanishi mumkinligi haqida ham ogohlantirishdi. Azamat ikki yo‘l­dan birini tanladi, vatangadolikdan ko‘­ra jazoni afzal bildi. Qo‘­yilgan shartga rozi ekanligini bayon etdi.

…Azamatni bag‘riga olgan samolyot 2019 yil 12 dekabr kuni Toshkentga qo‘ndi. Ayon bo‘l­ganidek, uni bu yerda hu­quqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari kutib oldi. O‘zga ellarda allaqachondan buyon jirkanch qilmishining achchiq ajrini tatib kelayotgan Azamat nihoyat qonun so‘roviga ham duch keldi.

U tergov organi tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayb: Jinoyat kodeksining yovuz maqsadlar yo‘lida yollanishga oid 154-moddasi 1-qismi, mavjud kons­titusiyaviy tuzumga tajovuz qilishga doir 159-moddasi 3-qismi «a» va «b» bandla­ri, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki ki­rishga taalluqli 223-moddasi 2-qismi «b» va «v» band­la­ri, taqiqlangan tashkilotlarni tuzish va ularning faoliyatida ishtirok etganlikni nazarda tutuvchi 244-2-moddasi 1-qis­mi bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlarga javob berdi. Aybini tan oldi, unga iq­rorlik bildirgan hol­da chuqur pushaymonligini izhor etdi.

Azamatning xalq, jamiyat va Vatan oldidagi jirkanch qilmishlari jinoyat ishlari bo‘­yicha viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Bu jarayonda tergov or­gani tarafidan Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddalari yuzasidan qo‘yilgan ayb o‘z tasdig‘ini topdi.

Ammo jazoni yengillatuvchi bir qa­tor yangi holatlar ham yuzaga qalqib chiq­di. Sud jinoyat ishiga tirkalgan bir nech­ta holatni ayblanuvchining gardanidan xalos etdi.

So‘nggi yillardagi hayotining maz­mun-mohiyatiga razm soldi, shu asnoda jang maydonidan qochib, o‘zga yurtlarda oilasi bilan sarson-sargardonlikda turmush kechirgani, o‘zining aytishicha, janglar chog‘i qo‘­liga qurol olib, odamlarga qarshi o‘q uzmagani, odam o‘ldirmagani, keyinchalik esa, buz­g‘unchilik ha­rakatiga ortiq bosh suqmagani, aksincha, tinch mehnat jabhasiga qaytgani, hu­­narmand­chilik, xususan, yog‘och chiqindilaridan mebel yasash, qo‘y boqish bilan mash­g‘ul bo‘lgani, gulchilik, asalarichilik bilan shug‘ullangani, pirovardida Vatandan ayro yashashdan ko‘ra qonuniy jazoni afzal bilgani tuzalish yo‘lida­gi jiddiy qadam sifatida baholandi.

Lekin bor va bo‘lgan haqi­qat manaman deb turgan og‘ir jinoiy qilmish asoratlari, xalqqa, Vatanga qilingan xiyonat izlarini yuvib, supurib tashlash, inkor etish, hatto xas po‘sh­lash­ning ham iloji yo‘q. Mamlakatimiz qonunchiligidagi bag‘rikenglikning sharofati shu bo‘ldiki, yaxshilikka yo‘g‘rilgan jihatlarni — oldga, yomonlikka yo‘yilguchi holatlarni esa, ortga surdi. Adolat va kechirimlilik yo‘lini tanladi.

Og‘ir jinoiy qilmishlarni sodir etgan sobiq jangari har to‘rtala modda bo‘yicha nazarda tutilgan jazolarni qisman qo‘shish asnosida 10-20 yillarga emas, jami 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U mazkur jazoni umumiy tartibli ij­ro koloniyasida o‘taydi.

…Mahkumning keyingi chorak asrlik umr yo‘lariga ham nigoh tashlaymiz. U ko‘zga borsa — kelmas, tushsa — chiqmas tubsiz jarlik, arosat va qa­bohat bot­qog‘i suvratida namoyon bo‘ladi. Bu jahonda yaxshi inson borki, ha­misha oshini oshab, yoshini yashaydi. Va, aksincha, yomon va yovuz niyatli kimsalar borki, o‘z qilmishining jabrini tortadi, to-abad duoyi badga duchor bo‘ladi.

Kechmish yillar bunday shum taqdir yomon va yovuz niyatli yurtdoshimizni tinimsiz ta’­­qib qilib bordi. Yaxshi va ezgu amallar hamisha tanta­na qilgani kabi yomon va tuban amallar, qilmish-kirdikorlar mudom  mag‘lub bo‘ldi, chuqur tanazzulga uchradi. Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Mu­hammad Bobur ta’biri bilan ayt­ganda:

Kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,      

Kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.

Bobokalonimizning bu ibratli naq­li ayni dorilamon zamonamizda jamiyat qonuni sifatida namoyon bo‘layapti. Jamiyat qonunlarini esa, hech kim inkor etolmaydi, xas po‘sh­­lay ham olmaydi. Gunohkor eldoshimiz Azamat Rajabov ayni ana shu qonuniyat tegrasida jazoga tortildi.

Bu yanglig‘ qismatga duch kelmaslikning birdan-bir chorasi — qonunga itoat va qonunning talabu taqozolariga nisbatan hurmat hamda kamarbas­talikdir. Omad va murod eshiklari shu yo‘ldan yurganlar uchun hamisha ochiq.

Kiritildi: 15:06 10.08.2020. O'qildi: 7026 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!