Narkotik — bu insonning markaziy asab tizimiga ta’sir qiladigan, kayfiyatni, ongni, sezgini, xulqni va jismoniy holatni o‘zgartiradigan moddalar guruhidir. Ular ayrim hollarda tibbiyotda og‘riqni kamaytirish, behushlik qilish yoki ayrim kasalliklarni davolash uchun qo‘llanadi. Lekin noqonuniy yoki nazoratsiz iste’mol qilinganda kuchli qaramlik, ruhiy buzilishlar, ichki a’zolar shikastlanishi va ijtimoiy tanazzulga olib keladi. Narkotik moddalar haqida gapirganda odatda uchta asosiy tushuncha uchraydi: narkotik modda, psixotrop modda va ularning analoglari. Oddiy qilib aytganda, bularning barchasi inson ongiga ta’sir qiluvchi xavfli kimyoviy vositalardir, lekin ularning huquqiy va kimyoviy tasnifi turlicha bo‘lishi mumkin.
Narkotik modda deganda odatda kuchli qaramlik keltirib chiqaradigan, asab tizimiga ta’sir etadigan va davlat tomonidan qat’iy nazorat qilinadigan moddalar tushuniladi. Masalan, opiy, geroin, morfin kabi moddalar shu toifaga kiradi.
Psixotrop modda esa ko‘proq ruhiyat, kayfiyat, idrok, xulq-atvor va uyquga ta’sir qiluvchi moddalardir. Ba’zi dorilar ham psixotrop hisoblanadi, ammo ularni faqat shifokor nazoratida ishlatish mumkin.
Analoglar deganda esa kimyoviy tuzilishi yoki ta’siri jihatidan ma’lum narkotik yoki psixotrop moddalarga o‘xshash, lekin ayrim jihatdan ozgina o‘zgartirilgan moddalar tushuniladi. Ular ko‘pincha qonundan qochish maqsadida ishlab chiqiladi. Tashqi ko‘rinishi yoki nomi boshqacha bo‘lishi mumkin, ammo ta’siri juda o‘xshash yoki hatto xavfliroq bo‘ladi. Bugungi kunda transmilliy uyushgan jinoyatchilikning eng xavfli turlaridan biri bo‘lgan narkosavdo jadal ravishda raqamli platformalarga ko‘chmoqda. Telegram o‘zining "End-to-end encryption" (shifrlash) imkoniyati va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan ma’lumot almashishdagi qat’iy siyosati tufayli narkosavdogarlar uchun asosiy aloqa vositasiga aylangan. Ushbu maqolada bugungi kunda yoshlar orasida ildiz otgan va ularning yosh umrini hazon qilayotgan bu narsalar zamonaviy dunyoda zamonaviy uslublar yordamida tarqalishini aniqlash va ularni kelajak avlod hayotini barbod qilmaslik uchun oldini olish choralari haqida so’z boriladi.
Telegram messenjeri orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlar noqonuniy aylanmasini OSINT (Ochiq manbalar asosida qidiruv) yordamida aniqlash. Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi natijasida jinoyatchilikning yangi shakllari, xususan, narkotik vositalarning noqonuniy savdosi internet platformalariga ko‘chib o‘tdi. Ayniqsa, anonimlik va tezkor kommunikatsiya imkoniyatlari tufayli Telegram kabi messenjerlar bunday faoliyat uchun qulay muhit yaratmoqda. Shu sababli, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tadqiqotchilar tomonidan OSINT usullaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. OSINT (Open Source Intelligence) orqali Telegram da narkojinoyatlarni aniqlash — bu ochiq manbalardan qonuniy va tizimli ma’lumot yig‘ish degani. Bu yerda asosiy maqsad — yashirin faoliyatni buzish emas, balki ochiq yoki yarim ochiq signallarni aniqlash. Telegram’da quyidagi joylar kuzatiladi:
- Ochiq kanallar va guruhlar;
- Botlar orqali ishlaydigan savdo tizimlari (1-rasm);
- Dark-marketga o‘xshash anonim savdo sahifalari
Mazkur muhitda noqonuniy faoliyatni aniqlash uchun bir qator indikatorlar mavjud bo‘lib, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- maxsus kodlangan so‘z va iboralar;
- geolokatsiya bilan bog‘liq xabarlar;
- anonim to‘lov tizimlaridan foydalanish holatlari;
- telegram messenjerida osint forumlari mavjud guruhlar (2-rasm).
(1-rasm)
(2-rasm)
Telegram platformasida ma’lumotlarni tahlil qilish uchun turli yordamchi vositalardan foydalaniladi. Aytadigan bo’lsak, birinchidan, kanal va guruhlar statistikasi hamda dinamikasini tahlil qiluvchi botlar. Ikkinchidan, foydalanuvchi identifikatorlari va username tarixini aniqlovchi xizmatlar. Uchinchidan kengaytirilgan tahlil imkoniyatlarini taqdim etuvchi dasturiy vositalar, masalan Maltego, SpiderFoot hamda OSINT Framework. Mazkur vositalar nafaqat Telegram ichidagi, balki boshqa ochiq manbalardagi ma’lumotlarni ham o‘zaro bog‘lash imkonini beradi (3-rasm).
(3-rasm)
Raqamli izlarni tahlil qilish va virtual dalillarni to‘plash metodikasi. Telegram messenjeri orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarda "an’anaviy" ashyoviy dalillar (barmoq izlari, biologik namunalar) bilan bir qatorda raqamli izlar (digital footprints) hal qiluvchi ahamiyatga ega. Garchi xabarlar shifrlangan bo‘lsa-da, kuryerlar ("zakladchiklar") tomonidan yuborilgan multimedia fayllari o‘zida katta hajmdagi yashirin ma’lumotlarni saqlaydi. Har bir raqamli fotosurat olingan vaqtda qurilma tomonidan unga EXIF (Exchangeable Image File Format) ma’lumotlari biriktiriladi. Agar jinoyatchi Telegram orqali rasmni "fayl" ko‘rinishida (siqilmagan holda) yuborsa, ushbu ma’lumotlar saqlanib qoladi. Tahlil qilinadigan asosiy parametrlar:
Aytaylik, Kuryer narkotik modda yashirilgan joyni rasmga olib uni operatorga yubordi. Ekspert maxsus dasturlar (masalan, ExifTool yoki Autopsy) yordamida rasmning meta-ma’lumotlarini tahlil qilganda, rasm Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi ma’lum bir bino ortida, soat 14:22 da olinganini aniqladi. Bu ma’lumot shu hududdagi videokuzatuv kameralarini tekshirish uchun asos bo‘ladi.
(4-rasm)
Bundan tashqari, Geolokatsiya va xaritalash (Digital Mapping) Narkosavdogarlar ko‘pincha Telegramdagi "Location" funksiyasidan foydalanishadi. Bu ma’lumotlar tahlili jinoyatchilarning harakatlanish logistikasini (marshruti) tiklashga imkon beradi. Dastlab aniqlash ketma-ketligini aniqlab olaylik. Birinchi navbatda xabarlar tahlil qilinadi. "Live Location" yoki statik geolokatsiya nuqtalarini yig‘iladi. Keyingi qadamda Vaqt zanjirini tuzish. Bunda turli nuqtalardagi koordinatalarni vaqt bo‘yicha ketma-ket joylashtirishtiriladi. Undan so’ng Issiq nuqtalar (Hotspots)ni aniqlash. BU qadamda Kuryerlar eng ko‘p modda qoldiradigan "baza" yoki "ombor" hududlarini vizuallashtiriladi.
"CSINT" va Kiber-razvedka (Foydalanuvchi identifikatsiyasi va monitoring). Telegramda narkojinoyatlarni fosh etishda CSINT (Kiberfazoviy razvedka) usuli jinoyatchining anonimlik himoyasini yorib o‘tishda asosiy rol o‘ynaydi. Bu usul nafaqat ochiq kanallarni kuzatish, balki messenjerning ichki protokollari va foydalanuvchi ma’lumotlarining dinamik o‘zgarishini tahlil qilishga asoslanadi.
Telegram User ID: O‘zgarmas raqamli passport. Telegramda foydalanuvchi o‘z ismini (First Name), bio-ma’lumotlarini va hatto foydalanuvchi nomini (@username) istalgan vaqtda o‘zgartirishi mumkin. Biroq, har bir akkaunt yaratilganda unga tayinlanadigan User ID (unikal raqamli identifikator) o‘zgarmas qoladi. Ahamiyatli tomoni jinoyatchi "rebrending" o‘tkazib, kanal nomini va loginini o‘zgartirsa ham, User ID orqali uning o‘tmishdagi jinoiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqlikni isbotlash mumkin. Maxsus tahliliy botlar va skanerlar yordamida shubhali ID’lar bazasi (Database) shakllantiriladi. Bu baza orqali "operator" yoki "admin"ning turli guruhlardagi ishtiroki tekshiriladi. (5-rasm)
(5-rasm)
Loginlar va nikneymlar o‘zgarishi tarixi (History Tracking) Kiber-razvedka vositalari ma’lum bir foydalanuvchining o‘tmishda qanday nomlar ostida faoliyat yuritganini aniqlash imkonini beradi. Ko‘pincha narkosavdogarlar ehtiyotsizlik qilib, o‘zlarining shaxsiy akkauntlari uchun ishlatgan loginlarini keyinchalik jinoiy maqsadlardagi akkauntlarga ham qisman tatbiq etishadi. Agar foydalanuvchi @dark_seller loginini @green_botga o‘zgartirgan bo‘lsa, kiber-razvedka tizimi ushbu o‘zgarishni qayd etadi. Bu esa tergovga ushbu shaxsning avvalgi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlashda yordam beradi.
To‘lov tizimlarini kuzatish va kripto-tranzaksiyalar tahlili. Narkojinoyatlarning iqtisodiy asosi ularning eng zaif nuqtasi hisoblanadi. Telegram orqali savdo qiluvchi "do‘konlar" mablag‘larni qabul qilishda an’anaviy bank o‘tkazmalaridan voz kechib, kriptovalyuta va anonim elektron hamyonlarga tayanadi. Biroq, blokcheyn texnologiyasining ochiqligi (public ledger) tergovchilarga bu mablag‘larning izidan tushish imkonini beradi.
Kriptovalyutalar: Bitcoin va USDT (Tether). Narkosavdoda eng ko‘p qo‘llaniladigan stabilkoin — USDT (TRC-20) hisoblanadi, chunki u tez va arzon tranzaksiyalarni ta’minlaydi. Muammo esa tranzaksiyalarning "psevdonim" ekanligi, ya’ni hamyon manzili orqali egasining shaxsini (F.I.SH) to‘g‘ridan-to‘g‘ri aniqlab bo‘lmasligi. Muammoning yechimlaridan biri bu birjalarda mavjud KYC (Know Your Customer) tizimi orqali hamyon egasining shaxsi aniqlanadi (6-rasm). Pullar qachonki rasmiy birjaga (Binance, Bybit) yoki P2P platformasiga kelib tushsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar so‘rovi asosida ushbu hamyon egasining pasport ma’lumotlari va bank kartalari olinadi. Yana bir yechimi Blokcheyn — bu barcha tranzaksiyalar yozib boriladigan ulkan "daftardir". Tergovchi hamyon manzilini bilgan holda, unga pul qayerdan kelganini va qayerga chiqib ketganini ko‘ra oladi. De-anonimizatsiya qilish. Jinoyatchilar pulni naqdlashtirish (fiat pulga aylantirish) uchun baribir kripto-birjalarga yoki P2P platformalariga murojaat qilishadi. Hayotiy bir misol aytsak, "Narkoshops" admini kripto-daromadlarni yuvish uchun USDTni P2P orqali sotgan. Tergovchilar blokcheyn tahlili orqali pullar bitta aniq "merchant" (sotuvchi) hisobiga tushganini ko‘rishdi va birja orqali uning telefon raqamini aniqlashdi.
"Mikser"lar va "Tumbler"lar bilan kurash. Jinoyatchilar tranzaksiya izini chalkashtirish uchun pulni "mikser" (mablag‘larni minglab mayda qismlarga bo‘lib, boshqa hamyonlar (drop kartalar) bilan aralashtirib yuboruvchi servis) orqali o‘tkazishadi. Buning yechimi Taint Analysis va Demixing usuli. Bunda Nisbiy tahlil qilish orqali zamonaviy algoritmlar mikserga kirgan mablag‘ hajmi va undan chiqqan mablag‘lar vaqtini solishtiradi. Bundan tashqari Blacklisting Mikserdan chiqqan barcha mablag‘lar "iflos" (tainted) deb belgilanadi. Yirik birjalar bunday hamyonlardan kelgan pullarni qabul qilmaydi va hisobni darhol muzlatadi.
Kiber-patrul va "Nazorat ostida xarid qilish": Taktik yondashuvlar. Telegramning yopiq ekotizimida jinoyatlarni fosh etish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari virtual muhitga "shaxsini sir tutgan holda" kirib borishlari talab etiladi. Bu jarayon bir necha bosqichli murakkab operatsiyadir. Buning yechimlarini maqolaning ushbu bobida ko’rib chiqamiz. Ular quyidagilar;
Virtual "Legendalash" (Akkaunt tayyorlash). Kiber-patrul xodimi jinoiy guruh ishonchiga kirish uchun puxta o‘ylangan raqamli qiyofaga ega bo‘lishi kerak. Anonimlik orqali xorijiy davlat raqamlari orqali ro‘yxatdan o‘tgan va shaxsiy ma’lumotlari yashirilgan akkauntlar. Profil tarixi bu orqali shubhali guruhlarda faollik ko‘rsatish, kiber-narkomuhitga xos bo‘lgan jargon va muloqot uslubidan foydalanish mumkin.
"Nazorat ostida xarid qilish" (Controlled Delivery/Purchase) Mazkur usul Telegramdagi narkodo‘konning faoliyatini to‘liq hujjatlashtirish va zanjirning barcha bo‘g‘inlarini (operator, kuryer, kassa) aniqlash uchun o‘tkaziladi. Amalga oshirish ketma-ketligi quyidagicha amalga oshiriladi. Xodim operator bilan bog‘lanib, "mijoz" sifatida modda sotib olish istagini bildiradi. Mablag‘lar (ko‘pincha kriptovalyuta) nazorat ostida o‘tkaziladi. Bu jarayonda hamyon manzili va uning tranzaksiyalar tarixi darhol blokcheyn-tahlil (Chainalysis) orqali tekshiriladi. Operator modda yashirilgan joyning ("zakladka") koordinatasini yuborgach, ushbu nuqta real vaqtda kiber-ekspertlar tomonidan o‘rganiladi.
"Zakladka" orqali kuryerni fosh etish (Digital Trap). Nazorat ostida xarid qilingan nuqtaga kurer modda qo‘yishdan oldin yoki keyin, hududda "Raqamli Tuzoq" (Honeypot) qo‘llaniladi. Hududdagi faol qurilmalarni skanerlash orqali kurerning smartfoni identifikatsiya qilinadi. Operator yuborgan suratning olingan vaqti va koordinatasi hududdagi videokuzatuv kameralari bilan solishtiriladi.
Kiber-razvedka vositalari bilan integratsiya. Kiber-patrul faqat bitta chat bilan cheklanib qolmaydi. Xodimlar maxsus dasturiy ta’minotlar yordamida yirik narkosavdogarlarning "ish vaqti" va xabarlarga javob berish tezligini tahlil qilib, ularning ehtimoliy vaqt mintaqasini (timezone) aniqlashadi. Guruhdagi boshqa shubhali a’zolarning profillarini skanerlab, "kurerlikka nomzodlar" ro‘yxatini shakllantirishadi.
Iminov Abdurasul Abdulatipovich,
Ichki Ishlar Vazirligi Akademiyasi Raqamli texnologiyalar va
Axborot xavfsizligi kafedrasi boshlig’i, podpolkovnik
Oyxo’jayev Saidyoqub Diyor o‘g‘li,
IIV Akademiyasi kursanti