Qo‘mita Telegram’da bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish holatlari ko‘payganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda va Telegram messenjerida tashkil qilingan guruh va kanallarda bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish holatlari ko‘plab uchramoqda.
Bunda, bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi shaxslar axborot texnologiyalaridan keng foydalanib, o‘zining shaxsini yashirib yoki boshqa nom bilan ushbu harakatlarni sodir etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasiga ko‘ra, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi.
Biroq, bu kabi holatlar o‘rganilganda, bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qilayotgan elektron resurslar sub’ektlarini, mas’ul shaxslarini, Telegram kanal egasini va boshqa ma’lumotlarni aniqlash imkonsiz bo‘lmoqda.
Axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga vakolat doirasida aniqlik kiritish hamda tegishli choralar ko‘rish yuzasidan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markaziga taqdim etiladi.