Tehronda Falastinning HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari, suiqasdda halok bo‘lgan Ismoil Haniya bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Eron prezidenti Masud Pezeshkian hamda yuqori martabali fuqarolik va harbiy amaldorlar ishtirok etdi.
Janoza namozi Tehron universiteti kampusida mamlakat ruhiy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy ishtirokida o‘qildi.
Cheklangan miqdordagi odamlar namoz o‘qidilar, lekin minglab odamlar universitet darvozasi oldida to‘planishdi.
Marosimdan keyin HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyaning jasadi Qatarga yetkaziladi.
Janoza namozi va janoza marosimi 2 avgust kuni Qatar poytaxtida bo‘lib o‘tadi
Vidolashuv marosimi oldidan so‘zga chiqqan Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf Haniya qotilligi AQSh koordinasiyasida amalga oshirilganini aytdi.
G‘olibaf Ismoil Haniyaning Falastin mustaqilligi uchun kurashini olqishladi. «Biz bilamizki, bu hujum Qo‘shma Shtatlar ko‘magi va muvofiqlashtirishi bilan sodir bo‘lgan. Bizning vazifamiz bu qotillikka kerakli vaqtda va kerakli joyda javob berishdir», - deya ta’kidladi Eron parlamenti spikeri.