Tayvan janubida zavoddagi yong‘inda halok bo‘lganlar soni 9 kishiga yetdi.
Bu haqda Tayvan markaziy axborot agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 109 kishi tan jarohati olgan, bir kishi bedarak yo‘qolgan.
Xabar qilinishicha, halok bo‘lganlar orasida to‘rt nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor. Ularning shaxsi DNK testlari yordamida aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, yong‘in 22 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:00 atrofida Pintun okrugidagi Fan va texnologiyalar parki hududidagi golf uskunalari ishlab chiqaruvchi zavodda sodir bo‘lgan. Hodisaga 34 ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan. Yong‘inni o‘chirish vaqtida yana bir portlash sodir bo‘lib, qurbonlar soni ortgan.