Bugun 27 dekabr, 2024 yil, juma

КИР

“Tashabbusli byudjet” jarayonlarida tadbirkorlik sub’ektlari g‘olib bo‘lgani keskin tanqid qilindi

“Tashabbusli byudjet” jarayonlarida tadbirkorlik sub’ektlari g‘olib bo‘lgani keskin tanqid qilindi

Mamlakatimizda “Tashabbusli byudjet” bilan bog‘liq jarayonlar takomillashtirilib, “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili joriy etildi. “Mening yo‘lim” loyihasi “Tashabbusli byudjet” birinchi mavsumi bilan qo‘shib o‘tkazilishi belgilandi.

2024 yilda “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida umumiy ajratilgan mablag‘lar miqdori 5,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu 2023 yilga nisbatan 1,2 trillion so‘mga yoki 26 foizga oshdi.

Bu Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida qayd etildi.

Majlisda “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida g‘olib deb topilgan loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilishi holatini o‘rganish natijalari yuzasidan mas’ul vazirlik hamda hududlar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Joriy yilda “Ochiq byudjet” portaliga fuqarolar tomonidan kelib tushgan jami 63 mingdan ortiq loyihadan 52 mingdan ziyodi (ya’ni 83 foizi) tuman ishchi komissiyalari tomonidan ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 5,6 trillion so‘mlik qariyb 4,8 mingta loyiha g‘olib deb topilgan.

G‘olib bo‘lgan loyihalarning 1 ming 686 tasi (35 foiz) ichki yo‘llarni ta’mirlash va 1 ming 446 tasi (30 foiz) maktablarni ta’mirlash va jihozlash loyihalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Amaldagi tartibga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari qaroriga asosan tuman (shahar) byudjetlarining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 56 loyiha uchun qo‘shimcha ravishda mablag‘ ajratilib, g‘olib sifatida e’lon qilingan.

Majlisda “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini amalga oshirishda ayrim muammolar va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi aeroport bino va inshootlarini ta’mirlash loyihasi hamda Andijon viloyati Shahrixon tumani Beruniy istirohat bog‘iga 42 metr balandlikdagi Charxpalak o‘yingohi qurish loyihasi tadbirkorlik xususiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan. Ushbu loyihalar eng ko‘p ovoz olgan holda g‘olib deb topilgani keskin tanqid qilindi.

“Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ovoz yig‘ishga majburlash holatlari yuzasidan “1282” raqamli ishonch telefoniga jami 74 shikoyat kelib tushgan. Ushbu holatlar yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rish kerakligi alohida ta’kidlandi.

Majlisda 2024 yilgi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 1-mavsumi doirasida g‘olib deb topilgan 993 loyiha bo‘yicha qurilish va xarid qilish jarayonlari hanuzgacha davom etayotgani yuzasidan mas’ul rahbarlarning axborotlari eshitildi.

Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Kiritildi: 10:50 29.11.2024. O'qildi: 626 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!