Hozirda mo‘min-musulmonlar ichida mazhabga qarshi bo‘lishga va ba’zi bir amallarni bid’at-xurofotga chiqarishga ishqiboz bo‘lgan kishilar «tasbih o‘girish bid’atdir, bu ishni Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qilmaganlar, sahobalar ham qilmaganlar», degan ma’nodagi gaplarni tarqatib, mo‘min-musulmonlarning xayollarini parishon qilib, ixtiloflar, tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘layotirlar. Lekin mujtahid ulamolarimiz tasbihni tutish joizligi va undan foydalanish mumkinligini aynan Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qilingan rivoyatdan olganlar.
«Sunan» nomli dong taratgan kitoblarning sohiblari imom Abu Dovud, imom Termiziy, imom Ibni Moja va imom Nasa’iy quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ayolning oldiga kirdilar. Uning oldida danak-lar yoki mayda toshlar bo‘lib, o‘shalar ila tasbih aytayotgan edi. Bas, u zot: «Men senga undan oson yoki afzal narsaning xabarining beraman: Subhanallohi adada ma holaqa fissama’i, Subhanallohi adada ma xolaqa fil-arzi, Subhanallohi adada ma xolaqa bayna zalik, Subhanallohi adada ma xolaqa ma huva xoliqun, Allohu Akbar mislu zalika, valhamdulillahi mislu zalika, va Laa ilaaha illallohu mislu zalik, va laa havla va laa quvvata illa billaahi mislu zalik»,dedilar.
Ushbu hadisda zikrni ko‘p takrorlash va uni qo‘ldan boshqa narsa bilan ham sanash mumkinligiga dalil bor. Xuddi shu ma’noni anglatish uchun mashhur muhaddis imom Abu Dovud o‘z kitobida «mayda tosh bilan tasbih aytish» bobini ochgan va ushbu biz o‘rganayotgan hadisni keltirgan. Mana shundan bizda «tasbih» nomini olgan, ma’lum bir adaddagi danak yoki dumaloq narsalarni ipga tizib yasaladigan, arablar «subha» deb nomlaydigan narsa paydo bo‘lgan. Ibni Manzur bu narsani tushuntirish uchun: «Subha»-tasbih aytuvchilarga o‘zi aytadigan tasbihlarni sanaydigan donalardir, bu yangi chiqqan so‘z, gohida uni «misbaham» ham deyiladi», degan.
Imom Abu Dovudning «Sunan» kitoblariga «Avnulma’bud» nomli sharh yozgan Shayx Muhammad Shamsulhaqq rahmatullohi alayhi hozir biz o‘rganayotgan hadisni keltirgandan keyin: «Bu hadis tasbihni danak yoki mayda tosh bilan sanash joizligiga dalildir, tasbih qilib olsa ham bo‘laveradi, chunki oralarida farq yo‘q, Nabiy sollallohu alayhi vasallam mazkura ayolning amalini iqror qildilar, inkor qilmadilar. Bo‘lib turgan narsadan, afzal narsaga irshod qilish avvalgisining joizligini man’ qilmaydi», deganlar. Bu haqda bir qancha asarlar rivoyat qilingan. Buni qilishni bid’at deganlar to‘g‘ri aytmagan, deydi Shayx Muhammad Shamsulhaqq.
Ibn Hajar rahmatullohi alayhi esa: «Mazkur hadisdan tasbih tutish mandubligi chiqadi, uni bid’at deyish to‘g‘ri emas», degan.
Ibn Allon bo‘lsa: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mazkur ayolning danak yoki mayda tosh bilan sanab zikr qilayotganiga iqror bo‘lishlari bu ishning sunnat ekaniga dalildir. Tasbih tutish ham mayda toshning o‘rnidagi narsa. Tasbih tutish haqida latiyf bir juz yozib, uni «Iyqodul masobiyh, limashruiati ittihozil masobiyh»-»tasbih tutishning shar’iy ekani haqida yoqilgan chiroq» deb nomladim», deganlar. Unda bu masalaga oid xabarlar, asarlar va ixtiloflarni keltirdim, «Zikrni panjalar bilan sanash afzalmi yoki tasbih bilan?» degan savolga javob izladim. Xulosa shuki, qo‘l bilan sanash, xususan, namozning zikrlarini qo‘l bilan sanash afzaldir. Ammo ko‘p adadli zikrlarda adashib ketmaslik uchun tasbih bilan sanagan afzaldir», deyilgan. Mana, shundoq qilib, «tasbih» deb atalgan narsa kelib chiqqan.
Allohning zikrini qilish ishtiyoqida, uni ko‘proq zikr qilib, adadini oshirish ma’nosida mo‘min-musulmonlar rag‘bat qilgan holda mana shu tasbihlarni yasab olganlar. Allohning zikrini qilish, uning adadini ko‘paytirishni, Alloh subhonahu va taoloning O‘zi hammamizga nasiyb etgan bo‘lsin. Turli boralarda, jumladan, mana shu tasbih borasida ham ixtilof qilishdan Alloh taolo o‘zi saqlasin, ixtilof qiluvchilarga esa Robbul olamiyn insof berib, hamma sohalarda, jumladan, ushbu ma’nodagi ixtilofda ham o‘zi qutqarib, ularni ham to‘g‘ri yo‘lga boshlagan bo‘lsin. Vallohu a’lam.
Manba: islom.uz