Bugun 19 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Tarkibida taqiqlangan modda bo‘lgan ozdiruvchi qahva mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kelgan fuqaro qo‘lga olindi

Tarkibida taqiqlangan modda bo‘lgan ozdiruvchi qahva mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kelgan fuqaro qo‘lga olindi

“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan ozdiruvchi qahva mahsulotlarining respublikamiz hududiga olib kirilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishdi.

Poytaxt aeroportida “Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan va bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan yo‘lovchilardan biri yo‘l sumkasida 2 turdagi 49 dona “Zerofit” yozuvli paketchali kofelarni olib kirishga uringani aniqlandi.

“Toshkent–AERO” IBKning Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi xodimlari tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa oldindan tezkor kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5760 dona “Keta” nomli ozdiruvchi qahva mahsulotlari borligi aniqlandi.

Har ikkala holatda olib qo‘yilgan qahva mahsulotlari Markaziy bojxona laboratoriyasida bojxona ekspertizasidan o‘tkazilganida, ularning tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi.

Mazkur modda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 oktyabrdagi 632-son qarori bilan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan hamda respublikamiz hududida muomalasi cheklangan.

Ushbu qarorga binoan tarkibida sibutramin, shuningdek, o‘xshash psixoaktiv ta’sirga ega bo‘lgan uning strukturaviy analoglari 2025 yil 1 yanvardan faqat giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun lisenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali ulgurji va chakana realizasiya qilinadi (sotiladi).

"Sibutramin"ning 0,5 grammi jinoiy harakatni tasniflashda ko‘p miqdor hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, “Toshkent–AERO” IBK tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida aniqlangan 36 ta bojxona qonunubuzilishi holatlarida 57 kg. og‘irlikdagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini resept bo‘yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Kiritildi: Bugun 11:47. O'qildi: 315 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!