IIV ommaviy axborot vositalarida tarqalgan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan xonadonlarning birida sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyati bilan bog‘liq xabarlar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 18 noyabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasida joylashgan fuqaro N.K.ga tegishli xonadonda ma’lum miqdordagi pul mablag‘lari yashirin ravishda talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 25.11.2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.
Gumonlanuvchilarni huquqlari buzilishiga oid murojaati bo‘yicha IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
Tergov ishlari yakuni bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha axborot beriladi.