Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Tanishining tillalarini o‘g‘irlab, sotib yuborgan ayolga jazo tayinlandi                               

Tanishining tillalarini o‘g‘irlab, sotib yuborgan ayolga jazo tayinlandi                               

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi, o‘z binosida ochiq sud majlisida, sudya A. Jabborovning raisligida sudlanuvchi Baxtiyorova Dilso‘z Ulug‘bek qizi (ismi o‘zgartirilgan)ga hukm o‘qildi. U qasddan jinoyat sodir etish yo‘liga o‘tib, uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘zganing ancha miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilib, o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilgan.

Jumladan, Buxoro shahar A.Jomiy ko‘chasidagi Ashurova Madinaning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonaning javonidagi jami 34.500.000 so‘mlik tilla buyumlarni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.

Baxtiyorova Dilso‘z Ulug‘bek qizi o‘zining qasddan sodir qilgan jinoiy harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “b,g” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilgan.

Sudlanuvchi D. Baxtiyorova sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, u Qodirov Rustam (ismi o‘zgartirilgan) bilan shariy nikohdan o‘tib, u bilan 2012 yildan 2018 yilning 04 noyabr kuniga qadar birga yashab kelganligi, jabrlanuvchi Ashurova Madina (F.I.Sh o‘zgartirilgan) turmush o‘rtog‘ining qizi ekanligi, Qodirov Rustamning ko‘zi ojiz bo‘lganligi, o‘zi bo‘sh vaqtlarida pishiriqlar sotishi, shuningdek, Ashurova Madinaning uyiga goh-gohida borishi va uy yumushlarida yordam berishini ta’kidlagan.

Bir kuni M. Ashurovaning sog‘ligi yomonlashganligi sababli, o‘zi va Qodirov Rustam Madinaning holidan xabar  olish uchun borishgan. M. Ashurova unga dori olib berishini so‘raganida, o‘zi uyning mehmonxonasiga kirib, eshiklari ochiq qolgan javoniga ko‘zi tushgan, javonning o‘rta eshiklari ochiq bo‘lib, tepadagi polkasida oq rangli sellofan ichida tilla taqinchoqlar borligini ko‘rib qolgan. Madina javonda dori yo‘qligini, dorilarning barchasi oshxonada ekanini aytganidan so‘ng, u aytgan dorisini oshxonadan olib bergan.

M.Ashurovaning ahvoli yaxshi bo‘lgandan so‘ng, D.Baxtiyorova ish kunlaridan birida M.Ashurovaning uyida hech kim bo‘lmasligi va voyaga yetmagan farzandi bog‘chada bo‘lishini bila turib uyiga borgan, uyi birinchi qavatda joylashgan va unga ikkita kirish eshigi mavjud bo‘lib, biri podyezd, ikkinchisi esa orqa tomondan bo‘lgan. D.Baxtiyorova orqa eshik tomon borganida eshik yarim ochiq holda bo‘lganligi ko‘rgan. M.Ashurovaning oyoq kiyimi biri tashqarida, ikkinchisi ichkarida bo‘lganligi sabab M.Ashurovani uyda deb o‘ylagan. D.Baxtiyorova uydan M.Ashurovani chaqirganida hech kim javob bermaganidan so‘ng, uyda haqiqatan hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgan. Bundan foydalanib, mehmonxonada joylashgan javondan Madinaning tilla buyumlari solingan oq rangli sellofanni olib, oq ro‘molchaga o‘rab, o‘zining egnidagi kiyimining cho‘ntagiga solib, uyiga qaytib kelgan.

Oradan bir necha kun o‘tgandan so‘ng D.Baxtiyorova “Karvon bozori”ning kirish joyidagi tilla buyumlar sotiladigan joyga olib borib, ushbu tilla buyumlarni sotish niyati borligini aytgan. Bozorning darvozasi oldida turgan, unga notanish bo‘lgan bir ayol kishi kelib, o‘zini Gulmira deb tanishtirgan va tilla buyumlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelishini aytgan. So‘ng unga bergan tilla buyumlarni ko‘zdan kechirib, jami tilla buyumlarning narxini o‘zaro 8.000.000 so‘mga kelishgan bo‘lsa-da, ayol unga faqat 5.000.000 so‘m berishini aytgan. D.Baxtiyorova rozi bo‘lib, 1 juft qiz bolalar tilla sirg‘asini va bir dona ayollar tilla nikoh uzugini saqlab qolib, qolganlarini ushbu Gulmira ismli tillafurushga sotib yuborgan.

Shundan so‘ng D.Baxtiyorova A.Madinaning bezovta bo‘lib yurganligi, Qodirov Rustam bilan tilla haqidagi gaplarni eshitganda undan xabari yo‘qligini bildirgan. M.Ashurova IIBga ariza orqali murojaat etgandan so‘ng D.Baxtiyorova Munira va Sofiya ismli fuqarolarning uyiga yashagan.  IIB xodimlari uning oldiga kelganida, o‘zi ularga bo‘lib o‘tgan voqealarni batafsil aytib berib, o‘z ixtiyori bilan o‘zida qolgan M.Ashurovaga tegishli bo‘lgan tilla buyumlarni qaytarib, qolgan tillalarni kimga sotganligini aytib bergan. Shu voqealarni batafsil gapirib bergan ayol IIB xodimlari mazkur tilla buyumlarni xolislar ishtirokida olib, hujjatlarni tegishli tartibda rasmiylashtirgani, aybini to‘liq tushunib yetgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jabrlanuvchidan kechirim so‘rab, yetkazilgan moddiy zararlarni qoplab berganligini, jabrlanuvchining unga nisbatan da’vosi yo‘qligini, ayolligini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘rab ko‘rsatma berdi.

Jabrlanuvchi Ashurova Madina Farhod qizi internet tarmog‘ida videokonferensiya aloqa tizimi orqali sud majlisida, sudlanuvchi D.Baxtiyorova sodir qilgan o‘g‘rilik oqibatida jami 34.500.000 so‘mlik moddiy zarar yetkazilganligi, hozirgi vaqtda sudlanuvchi D.Baxtiyorova unga yetkazilgan 34.500.000 so‘mlik moddiy zararni to‘liq qoplagani, shu sababli D.Baxtiyorovaga nisbatan moddiy va ma’naviy zararlar yuzasidan biror-bir da’vosi yo‘qligi va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa turdagi yengilroq jazo tayinlashni so‘rab ko‘rsatma berdi.

  Guvoh B.Tursunov sud majlisida, sudlanuvchi D.Baxtiyorova uning o‘gay onasi ekanligini, 2012 yildan buyon shu kunga qadar ular bilan birga otasi bilan faqat shar’iy nikohdan o‘tib, Baxtiyorova Dilso‘z Ulug‘bek qizi bilan yashaganligini, otasining ko‘zlari ojiz bo‘lganligi sababli, Dilso‘z otasi bilan birga yashab, u kishiga qarashib turganini aytdi. Sudlanuvchi D.Baxtiyorovaning harakatida aybini og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil
3 fevraldagi 1-sonli «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining 37-bandi 3-xatboshisida «Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi alohida holatlar ro‘yxati ko‘rsatilmaganligini nazarda tutib, sud qabul qilgan qarorini hukmda asoslantirgan holda jazoni yengillashtiruvchi ayrim holatni ham ularning majmuini ham bunday holat sifatida tan olishi mumkin» deb ko‘rsatilgan.

Sud shu sababli, sudlanuvchi D.Baxtiyorovaning o‘z aybiga iqrorligi, oilaviy ahvoli, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, ijtimoiy ahvolini, ayolligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qaytarilganligi, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligi jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topdi.

  Sud Baxtiyorova Dilso‘z Ulug‘bek qiziga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 2-qismining «b,g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topdi va unga shu modda bilan har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

 

   A.Jabborov, Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro shahar sudi sudyasi

 

Kiritildi: 16:31 30.05.2019. O'qildi: 1813 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!