Bizga ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda har bir sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, mazkur islohotlarning salmoqli qismini ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tashkil etmoqda. So‘nggi yillarda ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ta’lim tizimidagi islohotlar va amaliy chora-tadbirlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilmoqda:
1) maktabgacha ta’lim sohasida;
2) umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim;
3) oliy ta’lim;
4) oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
5) kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
Demak, amalga oshirilayotgan islohotlarning, avvalo, maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida boshlanishi ham bugungi kunda ushbu sohaga alohida e’tibor berilayotganligidan darak bermoqda. Bugungi globallashuv jarayonida bolalar tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mazkur sohaga bo‘lgan e’tibor mamlakatning ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi. Mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asosi sifatida “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonunni keltirishiz mumkin. Mazkur Qonunda maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, maktabgacha ta’lim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari va boshqa shunga o‘xshash masalalar belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, yurtimizda ilk bor Maktabgacha ta’lim vazirligining ham tashkil etilganligi ushbu sohadagi asosiy islohotlardan biri bo‘ldi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuningdek, bugun yirik shaharlarimizdan tortib, chekka tumanlar, qishloq va ovullarimizda yangi-yangi zamonaviy bog‘chalar barpo etilmoqda. Qisqa vaqt, ya’ni to‘rt yil ichida respublikamizda bog‘chalar soni 3 barobar oshib (5 ming 200 tadan 14 ming 200 taga), bolalarni qamrab olish darajasi 28 foizdan 54 foizga yetgani ham amaliy harakatlarning natijasidir.
So‘ngi yillarda ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish va modernizasiya qilish bo‘yicha qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Xususan, ta’lim tizimida qabul qilingan eng muhim hujjatlardan biri bu – “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi bo‘ldi. Mazkur Qonunga asosan ta’lim sohasidagi asosiy prinsiplar, ta’lim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, Qonunga ko‘ra, davlat oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladigan bo‘ldi. Nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish ularning ta’sischilari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Nodavlat ta’lim tashkilotlariga lisenziya Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan beriladigan bo‘ldi. Ushub Qonun bilan 1997 yil
29 avgustdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlar o‘z kuchini yo‘qotdi.
Shunga ko‘ra, mazkur Qonunning qabul qilinishi hamda amaliyotga joriy etilishi ta’lim sohasida qabul qilingan eng muhim hujjatlardan biri bo‘ldi deyishimiz mumkin.
Prezidentimiz SH.M. Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli bo‘lib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, ko‘plab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tug‘iladi. Shunday ekan, Yangi O‘zbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi desam, o‘ylaymanki, butun xalqimiz bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi”.
Bundan tashqari, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ma’lum qismini, albatta, oliy ta’lim tizimidagi islohotlar tashkil etadi.
Hususan, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizasiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF–5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi mazkur sohadagi yangi islohotlar uchun debocha vazifasini bajarib bermoqda.
Bugungi kunda jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari ilm-fanning yirik o‘choqlari hisoblanishi hech kimga sir emas. Bugungi kunda yangi-yangi oliy o‘quv yurtlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda. Misol uchun, so‘nggi 4 yilda mamlakatimizda 47 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy o‘quv yurtlarining soni 125 taga yetdi.
Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Aholi fikrini o‘rgangan holda, sirtqi va kechki ta’lim shakllarini qayta tikladik, qabul kvotalari oshirilmoqda. Maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 2020 yilda 25 foizga yetgan bo‘lsa-da, biz
bu ishlarni yanada kengaytirishimiz zarur.
Professor-o‘qituvchilarning xorijdagi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot maskanlarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini ta’minlaydigan mexanizm yaratildi. Ularning oylik ish haqi miqdori
2018 yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Bu yildan boshlab 10 ta oliy ta’lim muassasasi o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazildi.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo‘lsak, ta’lim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat-prosessual huquqi kafedrasi
o‘qituvchisi S. Maxmudov