Tailandning Xonken viloyati Ban Pay tumanida sayyohlik avtobusining ajratuvchi yo‘lakka urilishi oqibatida 36 kishi tan jarohati oldi.
Bu haqda Bangkok Post gazetasi xabar bermoqda.
"Ko‘pchilik yo‘lovchilar haydovchi uxlab qolib, avtobusni boshqara olmay qolgan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilmoqda," deya ma’lum qildi mahalliy polisiya.
Aniqlanishicha, halokat natijasida odamlar avtobus ichida qamalib qolgan va qutqaruvchilar ularni chiqarish uchun transport vositasini kesishga majbur bo‘lgan.
Shuningdek, ikki nafar jabrlanuvchi og‘ir tan jarohati olgani ma’lum qilindi: ulardan biri qo‘lini sindirib, o‘sha kuniyoq jarrohlik amaliyotidan o‘tgan, ikkinchisi esa ko‘krak qafasida siqilish his qilgan.