Tailand va Kambodja delegasiyalari o‘rtasidagi dastlabki muzokaralarda ikki davlat chegarasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha asosiy konsensusga erishildi.
Bu haqda Malayziya Qurolli kuchlari qo‘mondoni general Mohd Nizom Jaffar Bernama davlat agentligiga bergan izohida ma’lum qilgan.
Muzokaralar 4-7 avgust kunlari Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tayotgan ikki tomonlama Tailand-Kambodja chegara qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Tailand va Kambodja mudofaa vazirlari raisligidagi yakuniy yig‘ilish 7 avgust kuni Malayziyadan kelgan kuzatuvchilar, shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assosiasiyasi (ASEAN) raisi hamda AQSh va Xitoy ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
General Jaffarning so‘zlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish rejimining bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha texnik topshiriq bo‘yicha kelishuvga erishilgan. U ASEAN mamlakatlari harbiy attashelarining vaqtinchalik va doimiy kuzatuvchilar guruhi tomonidan amalga oshiriladi, ular dastlabki va keyingi davrlarda chegaradagi vaziyatni nazorat qiladi.
Dastlabki muzokaralar 4-6 avgust kunlari yopiq eshiklar ortida har ikki tomonning 40 nafar vakili ishtirokida bo‘lib o‘tdi.