Joriy yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirilmoqda. Bunda nazorat qiluvchi organning zimmasida tekshirishlarni o‘tkazishning belgilangan tartibiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirish majburiyati saqlanib qolgan. Nazorat qiluvchi organlar va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda bu borada doimiy tushuntirish ishlari olib borilayotgan bo‘lishiga qaramasdan, aynan nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan mansabdorlar tomonidan tekshirishlarni belgilangan tartibga rioya qilmagan holda o‘tkazish holatlari davom etmoqda.
Xususan, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Toshkent viloyati hududiy sho‘’basi tomonidan joriy yilda nazorat qiluvchi organlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 20 dan ziyod mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyatida tekshirish o‘tkazish tartibini buzish holatlari aniqlanib, bu mansabdor shaxslar belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Aniqlangan xuquqbuzarliklar nazorat organlari kesimida tahlil etilganda huquqbuzarlik sodir etgan xodimlarning 9 nafarini veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasi, 5 nafarini soliq organi xodimlari, 4 nafarini qurilish sohasidagi nazorat organlari va 1 nafardan Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi va ta’lim sohasidan nazorat qiluvchi organlar vakillari tashkil etmoqda.
Vakil Devoni tomonidan bu boradagi o‘rganish ishlari boshqa sohaviy nazorat organlarida ham davom ettirilmoqda.