Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi hozirgi front chizig‘ida harbiy harakatlarni to‘xtatishni taklif qildi. Bu haqda Financial Times gazetasi uchta ishonchli manbaga asoslanib xabar berdi.
Gazeta manbalarining aytishicha, o‘tgan hafta Putin AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Vitkoffga Rossiya Ukrainaning to‘rt viloyatining bosib olinmagan hududlariga bo‘lgan "da’volaridan" voz kechishi mumkinligini ma’lum qilgan.
"Ushbu taklif Putinning uch yil oldin urush boshlanganidan beri bergan birinchi rasmiy ishorasi bo‘lib, Rossiya bosqinni to‘xtatish bo‘yicha talablaridan chekinishi mumkinligini ko‘rsatmoqda," deya ta’kidlaydi nashr.
Shu bilan birga, Financial Times bilan suhbatlashgan Yevropa amaldorlari Putin AQShga nisbatan aniq yon berishdan foydalanib, Trampni Rossiyaning boshqa talablarini qabul qilishga va ularni Ukrainaga majburlashga - masalan, Qrim qo‘shib olinishini tan olish va NATOga a’zo bo‘lishni taqiqlashga undashi mumkinligidan xavotirda ekanliklarini bildirmoqda.
"Hozirda Kiyevga katta bosim o‘tkazilmoqda. Bu bosimning maqsadi Kiyevni yon berishga majburlash va Trampga g‘alaba qozonganini e’lon qilish imkoniyatini yaratishdir," - dedi FT suhbatdoshlaridan biri.
OAV avvalroq xabar berganidek, AQSh 23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda Rossiya-Ukraina urushida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qadamlarni muhokama qilish jarayonida o‘z taklifini taqdim etadi. Bu taklif doirasida Vashington tomonidan Qrimni Rossiyaga tegishli deb tan olinishi va tinchlik kelishuvi doirasida front chizig‘ini muzlatish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy Kiyevga bunday takliflar rasman kelmaganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp bir kun oldin e’lon qilishicha, shu hafta u Ukrainadagi urush bo‘yicha o‘zi taklif etgan "tinchlik rejasi"ning mazmunini oshkor qiladi.