Bugun 22 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Tadbirkorlik niqobida jinoyat: Qurilmagan issiqxona uchun 1 million dollar yo‘q qilindi

Tadbirkorlik niqobida jinoyat: Qurilmagan issiqxona uchun 1 million dollar yo‘q qilindi

Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi Diyor Davlatmurodov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tadbirkorlik borasida katta orzu-niyatlar qilib, 2018 yil bahor chog‘i xonqalik hamkori Odiljon Zohidovning uyiga boradi-da, zamonaviy texnologiyalar yordamida issiqxona majmuasi barpo etish niyatida ekanini aytadi.

Va ushbu issiqxonani birgalikda, o‘zaro sarmoya ulushi asosida qurishni taklif etib, payti kelganida bu ish katta daromad manbaiga aylanishini, olinajak sof foydani korxonani kengaytirish yoxud mehmonxona majmuasini barpo etishga yo‘naltirish mumkinligini ta’kidlaydi. Chindan ham, taklif chakkki emas. Rejaning ijobati katta miqdordagi sof foydani kafillaydi. Shu bois, O. Zohidov ikkilanmay yangi hamkorining taklifini qabul qiladi. Ammo masalaning muammoli jihati ham yo‘q emasdi. Ya’ni rejani amalga oshirish uchun tomonlarning ulushi kamlik qiladi. Buning uchun bankdan kredit mablag‘i olish kerak.

Kreditni esa, tegishli garovsiz olib bo‘lmaydi.

Albatta, inson zoti bunday paytda chora izlaydi, imkon axtaradi.

Xayriyatki, muammoning yechimini topish ko‘pam mushkul bo‘lmadi. O. Zohidovning Toshkent shahrida yashovchi qarindoshi M. Jumamurodov sherikchilik yo‘li bilan ko‘rilajak mo‘may foydadan muayyan miqdorda ulush olish sharti bilan poytaxtdagi qiymati 700 ming AQSh dollariga teng 4 ming 285 kvadrat metrli ishlab chiqarish korxonasini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yishga rozilik bildiradi. Aslida, M. Jumamurodov D. Davlatmurodovning bir mulkni ikkiga do‘ndirishga qaratilgan va’dalarini eshitib, rozi bo‘ladi.

Qisqasi, O. Zohidov, D. Davlatmurodov, M. Jumamurodov yangidan shakllanayotgan “Zarifboy Jaloliddin” mas’uliyati cheklangan jamiyatning ta’sischilari bo‘lishdi.

Shundan so‘ng ular Xonqa tumani hokimi nomiga ariza bilan murojaat qilib, bo‘lajak issiqxona uchun yer maydoni ajratib berishni so‘rashdi.

Albatta, hokimlik mutasaddilari ham ezgulikka yo‘g‘rilgan bu talabni rad etishmadi. Tuman hokimining 2018 yil 2 iyundagi 973-sonli qaroriga binoan, O. Zohidov rahbarligidagi “Zarifboy Jaloliddin” mas’uliyati cheklangan jamiyatga tumanning Navhos qishlog‘idagi “Ilg‘or” mahallasi hududidan unumdorligi 40 ball bonitetiga teng bo‘lgan 5 gektar yer maydoni ajratib berildi. Shunga ko‘ra, tashqi iqtisodiy faoliyat “Milliy bank”ining Urganch filiali poytaxtda roppa-rosa 700 ming AQSh dollariga baholangan ushbu mulk, shuningdek, qurilajak issiqxonaning qiymati 115 ming dollarga barobar qismini garovga qo‘yish, buning evaziga O. Zohidovning nomiga 1 million 380 ming AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘i ajratish haqidagi so‘rovni rad etmaydi. 2018 yil 30 iyulda bank va mijoz o‘rtasida 396/2018-sonli kredit shartnomasi imzolanadi.

D. Davlatmurodov kelajakda mo‘may miqdorda ulush olishni ko‘zlagan holda boshlanayotgan qurilishni zaruriy ashyo va konstruksiyalar bilan to‘liq ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Bu boradagi majburiyat O. Zohidov tomonidan boshqarilayotgan “Zarifboy Jaloliddin” mas’uliyati cheklangan jamiyati va D. Davlatmurodovning Rossiya Federasiyasining Krasnodar o‘lkasida davlat ro‘yxatiga olingan “Oazis” korxonasi o‘rtasida 2018 yil 11 iyunda imzolangan 0306/18-sonli import shartnomasida o‘z ifodasini topadi. Jami 1 million 235 ming dollarga teng bo‘lgan kredit mablag‘i, o‘rtadagi import shartnomasiga muvofiq, ta’minotchining hisob raqamiga bosqichma-bosqich o‘tkazib beriladi.

Ishlar esa, qizigandan qiziydi. O. Zohidovning yaqin qarindoshi Farhod Ortiqov qurilish jarayonini boshqarish va unga rahbarlik qilishni o‘z zimmasiga oladi. Loyiha-xarajat hujjatlarida ifodasini topgan qurilish jihozlarining teng yarmidan ziyodi bir necha oy ichida yetkazib beriladi. Ammo g‘alati jihati shundaki, qurilish uchun uzoq Rossiyadan olib kelingan ashyo va konstruksiyalarning aksariyati bir xil mahsulot – metall quvurlardan iborat edi. Bu holat umumiy ishga pand bermay qolmadi. Aksar ashyolar D. Davlatmurodovning Rossiyadagi ta’minotchi korxonasi tarafidan qurilish maydoniga yetkazib berilmagani, yetkazib berilganlari esa, sifatsiz ekani rejalarni chippakka chiqardi. 2019 yil boshlangan qurilish-payvandlash ishlari 2021 yilning kuziga yetganida, butunlay to‘xtab qoldi.

Ajablanarli jihati shundaki, bundan O. Zohidov va D. Davlatmurodov zarrachayam tashvish chekishmaydi, aksincha, chala-yarim tiklangan bino va inshootlarni talon-toroj qilishga tushishadi. Payvandlangan metall konstruksiyalarni kesib olish, pirovardida esa, talabgorlarga sotish yo‘liga o‘tishdi. Ularning asl niyati ham shu edi. Keyinchalik aniqlangan fakt va dalillar buni yaqqol isbotladi: ezgu maqsad yo‘lida yirik hajmli issiqxona, poytaxtda mehmonxona majmualarini barpo etish ularning rejasidan joy olmagani, aksincha, avvalboshdanoq ko‘ngilga jo bo‘lgan shum niyatni xaspo‘shlash, katta miqdordagi boylikni qo‘lga kiritish yo‘lidagi bahonaga do‘ngani ma’lum bo‘ldi.

Bu boradagi kirdikorlar ko‘lami esa, keyinchalik o‘tkazilgan tergov hamda sud jarayonida yaqqol bo‘y ko‘rsatdi. “Oazis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari D. Davlatmurodov bankdan olingan 1 million 235 ming 340 dollar kredit mablag‘ining 1,1 million AQSh dollarini “Zarifboy Jaloliddin” mas’uliyati cheklangan jamiyat oldidagi majburiyatlarini ado etishga emas, balki boshqa g‘arazli maqsadlarga sarflagani, shuncha katta miqdordagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi. “Zarifboy Jaloliddin” mas’uliyati cheklangan jamiyatni boshqargan O. Zohidovning qilmishlari ham ancha-muncha “tosh” bosadi. U hali qurilmayoq buzilgan issiqxona va undagi jihozlarni sotish evaziga jami 1 milliard 686 ming so‘m miqdoridagi kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj etgani oshkor bo‘ldi.

Taftish-tergov tadbirlari asnosida 3 gektarlik chala va sifatsiz qurilgan issiqxonaning 1,3 gektarida barpo etilgan metall konstruksiyalar va boshqa uskunalar 2022-2023 yillar oralig‘ida buzib olingani va Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlaridagi xaridorlarga sotib yuborilgani, bojxona hujjatlarini qalbakilashtirish yo‘li bilan issiqxona qurilishi uchun yetkazib berilgan ayrim kamnarx va sifatsiz asbob-uskunalarning qiymati D. Davlatmurodov tomonidan sezilarli darajada oshirib ko‘rsatilgani aniqlandi.

Shu asnoda “Zarifboy Jaloliddin” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli issiqxonaning jami 1 million 102 ming 277 dollar miqdoridagi mol-mulki talon-toroj qilingan.

Hamtovoqlar avval-boshdan g‘araz niyatni ko‘zlashganini dastlabki va apellyasiya bosqich sudlarida fuqaro A. Yoqubov, issiqxona jihozlarini mutasaddilar ko‘rsatmasiga binoan mo‘may pul evaziga o‘z qo‘li bilan buzgan, keyinchalik esa, sotib yuborgan xonqalik tadbirkor V. Otaboyev, bank mas’ullari Z. Masharipov, S. Boltayev, S. Sobirov, ta’sischi M. Jumamurodov, soliq va ijro mahkamasi xodimlari B. Quvondiqov, D. Otashev va boshqa guvohlarning ko‘rsatmalari ham to‘liq tasdiqladi.

Bu jarayonda masalaning boshqa bir afsuslanarli tomoni ham ko‘zga tashlandi: Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankidan garov evaziga olingan 1 million 235 ming 340 AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘ini joyiga qaytarish bilan bog‘liq holat yuzaga chiqdi.

Davlat mablag‘i, xususan, bank krediti yeb ketarga berilmaydi, aksincha, uning qat’iy hisobi va so‘rovi bor. Fuqaroviy da’vogar E. Yusupov shu haqdagi masalani ilgari surdi. Muhokama asnosida bu boradagi to‘lov uchun mas’ul bo‘lgan O. Zohidov va D. Davlatmurodov kredit mabalag‘ini bankka qaytarish imkoniyatiga ega emasligi, yana bir tadbirkor M. Jumamurodov esa, o‘z “hotamtoy”ligi hamda hamkor-sheriklari tarafidan sodir qilingan jinoiy kirdikorlarning jabrini tortgani, kafolatlangan foydadan ulush olishga qaratilgan niyati chippakka chiqqani ayon bo‘ldi. Uning aytishicha, “Zarifboy Jaloliddin” mas’uliyati cheklangan jamiyatning ta’sischisi sifatida o‘zining 30 foizlik ulushiga ega bo‘lgan. Ammo hamkorlarining jinoiy qilmishi oqibatida sariq chaqachalik ham foyda ololmagan. Bunisi yetmagandek, O. Zohidov va D. Davlatmurodov tomonidan olingan kredit mablag‘i uchun Toshkent shahrida garovga qo‘yilgan salkam 4,3 ming kvadrat metr maydondagi mol-mulkidan mahrum bo‘lishiga oz qoldi. Aniqrog‘i, u garovga qo‘yilgan mol-mulkni daxlsiz saqlab qolish uchun o‘z jamg‘armasidagi 700 ming AQSh dollarini bankka topshirdi. Ammo bu miqdordagi garov puli kifoya emas.

Barpo etilishi mo‘ljallangan issiqxonaning bir qismi bo‘yicha yuzaga chiqqan 115 ming AQSh dollari miqdoridagi to‘lov majburiyati ham so‘zsiz ado etilmog‘i shart. Shu o‘rinda 2018 yil 30 iyulda bank va mijoz o‘rtasida imzolangan 396/2018 sonli kredit shartnomaga ko‘ra, garov mulki har qanday holat va vaziyatda ham, bus-butun va daxlsiz saqlanishi, uning qanday holatda saqlanayotganini muntazam ravishda nazorat qilib borilishi zarurligini qayd etish joiz. Buni aytishdan maqsad shuki, garovga qo‘yilgan mulkni nazoratdan o‘tkazish tadbiri 2024 yil may oyi boshida amalga oshiriladi. Garov mulkini ko‘rgani borgan bank mas’ul xodimi S. Boltayev kutilmaganda g‘alati manzaraning ustidan chiqadi: garov mulki sifatida belgilangan qurilma allaqayoqqa nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lgandi… S. Boltayev, tabiiyki, bunday noxush holatdan darrov mutasaddilarni xabardor qiladi. Bankning talabi qat’iy bo‘ldi. Ammo garov mulkini joyiga qaytarishning imkoni yo‘q edi. Bu hol ta’sischi maqomidagi M. Jumamurodovni yana oyoqqa qalqitdi, u bu gal ham mas’uliyatni zimmasiga olib, 115 ming dollar miqdoridagi garov majburiyatini bankka to‘ladi. Jamiyatning qolgan ikki ta’sischisi O. Zohidov va D. Davlatmurodov esa, bu holni chetdan turib tomoshabin bo‘lib, kuzatib turishdan nariga o‘tishmadi. Qonunning esa, so‘rovi qat’iy.

Tergov va sud jarayonida barchasiga to‘liq aniqlik kiritildi. Ayb yuki asosan jinoiy rejaning faol tashkilotchisi D. Davlatmurodovning zimmasiga tushdi. Aslida, bu kimsaning jinoiy kirdikorlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ancha ilgari fosh etilgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, D. Davlatmurodov 2002 yilda jinoiy qilmishlari uchun uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bu yanglig‘ qismat oxir-oqibatda O. Zohidovning boshiga ham yog‘ildi. U Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish va talon-torojlikka oid 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha aybdor deb topildi va tegishli muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo u dastlabki bosqich sudining hukmidan norozi bo‘lib, apellyasiya sudiga murojaat qildi. Uning shikoyati appelyasiya sudida batafsil ko‘rib chiqildi. Biroq yuqorida zikr qilingan soxtakorliklar, jinoiy kirdikorlar bilan mo‘may daromad orttirishga qaratilgan xatti-harakatlarni inkor etuvchi dalil va isbotlar topilmadi. Ana shu asoslarga ko‘ra, dastlabki bosqich sudining hukmi o‘z kuchida qoldirildi.

Jinoiy qilmishning adolat va qonuniylikka yo‘g‘rilgan chinakam bahosi shu bo‘ldi.

Kiritildi: 19:12 20.05.2025. O'qildi: 551 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!