📆 Bugun, 12 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda «Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinishi munosabati bilan «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tgan hududidan qat’i nazar, ularning tovarlari, xizmatlari, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi hududida erkin harakatlanishining kafolatlanishi nazarda tutilgan.
Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan tadbirkorlar ularga tegishli bo‘lgan resurslarni hududiylik tamoyili bo‘yicha erkin harakatlanishini cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlashdan himoyalanadilar.
Qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlarining erkin faoliyat yuritishiga va o‘ziga tegishli bo‘lgan tovar va xizmatlardan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishiga xizmat qiladi.