Bugun 19 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Tabiat kushandasi kesilgan 90 tup daraxt uchun 9 ming ko‘chat ekib, parvarishlaydi

Tabiat kushandasi kesilgan 90 tup daraxt uchun 9 ming ko‘chat ekib, parvarishlaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qumqo‘rg‘on tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limida 90 tup tut daraxti tagi bilan kesib tashlangani haqida xabar tarqaldi. Surxondaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi holatni o‘rganib, tabiat kushandasini aniqladi.

O‘suvchanligini yo‘qotmagan tutlarni ilgari Qumqo‘rg‘on tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limida rahbar bo‘lib ishlagan Quvondiq Tolibov (ism-sharif o‘zgartirildi) joriy yilning 23 noyabrida ma’muriy binoning orqa tomonida o‘sib turgan 89 dona tut va bir tup gilos daraxtini tag qismidan noqonuniy kesgani ma’lum bo‘ldi.

Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ma’lum qilishicha, o‘zboshimchalik bilan sodir etilgan bu harakat O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni 37-moddasi talablarini buzib, tabiatga 50 million 625 ming so‘m zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani Qorsoqli mahallasida yashaydigan tabiat kushandasiga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 9 million 375 ming so‘m jarima belgilandi. Shuningdek, kesilgan har bir tup daraxt uchun 100 tupdan daraxt ko‘chatini ekib, uni uch yil davomida parvarishlab berish majburiyati ham yuklatildi.

Kiritildi: Bugun 09:54. O'qildi: 288 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!