Bastakor Toninyo Gerayes Adelning 2015 yilda chiqqan «Million Years Ago» qo‘shig‘i uning Mulheres (ayollar – tahr.) klassik sambasining nusxasi ekanini ma’lum qildi, uni braziliyalik qo‘shiqchi Martinyo da Vila 1995 yilda mashhur albom uchun yozgan, deb xabar beradi The Guardian.
Sud qo‘shiqni butun dunyo bo‘ylab, jumladan, musiqa striming xizmatlarida sotilishini to‘xtatishni buyurdi.
Bu buyrug‘ni Rio-de-Janeyroning Oltinchi xo‘jalik sudi sudyasi Viktor Torres juma kuni chiqargan.
Dushanba kuni «Million Years Ago» qo‘shig‘ini butun dunyo bo‘ylab tarqatish, almashish, ko‘paytirish, tahrirlash yoki kommersiyalashni darhol to‘xtatishni buyuradigan sud talabi Sony va Universal kompaniyalariga yuborilgan.
Toninyo Gerayesning advokati Frendio Trottaning aytishicha, uning firmasi shu hafta butun dunyo bo‘ylab radio va televideniye bilan bog‘lanib, ularni qaror haqida xabardor qiladi.
Sony va Universalning Braziliyadagi sho‘’ba korxonalari Adelning bu qo‘shig‘ini tarqatishsa, 8 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin.
Shuningdek, Gerayes 160 ming dollar miqdorida tovon puli talab qildi.
Braziliya 1886 yildagi Bern konvensiyasini imzolagan bo‘lib, mualliflik huquqi bilan himoyalangan asarlarni xalqaro darajada himoya qila oladi.
Aytgancha, turk musiqa ixlosmandlari ham 2015 yilda Adelning «Million Years Ago» qo‘shig‘ini plagiat deb atagan edi. Ular uning ohangi kurd qo‘shiqchisi Ahmet Kayning 1985 yilda chiqqan «Achilara Tutunmak» qo‘shig‘iga o‘xshashligini da’vo qilishgan.