Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
2024 yilda O‘zbekistondagi suv omborlarida o‘tgan yilga nisbatan ko‘p suv yig‘ilgani ta’kidlandi. Davlat rahbari bu holat xotirjamlikka berilmaslik lozimligini qayd etdi.
Yig‘ilishda sohada hali qilinadigan ishlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika bo‘yicha o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinyapti. Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2-3 barobar yuqori.
Oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalar modernizasiya qilindi. Lekin Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryoda o‘rta va mayda eskirgan nasoslar yangilanmagani uchun suv tannarxi oshib ketmoqda.
Betonlash hisobiga yo‘qotish 10-15 foizga kamaygan bo‘lsa-da, 20 ta tumanda yo‘qotishlar respublikada eng yuqori.